Bioarxeologiya laboratoriyasi

     

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 sentabrdagi 792-sonli “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” Qarori asosida Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi. Ushbu Qarorga ko‘ra, 2019 yilning oxirida O‘zbekistonda ilk bor zamonaviy asbob‑uskunalar bilan jihozlangan “Bioarxeologiya” laboratoriyasiga asos solindi. Biologiya, arxeologiya, botanika, zoologiya, inson anatomiyasi kabi qator fanlarning sintezidan yuzaga kelgan bioarxeologiya barcha tabiiy va ijtimoiy fanlarning zamonaviy usullaridan keng foydalanadi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, bioarxeologiya arxeologik ob’ektlardan topilgan inson qoldiqlari yoki har qanday biologik qoldiqlar ustida izlanishlar olib boradigan fandir.

Laboratoriyada qayta ishlanadigan materiallar sirasiga ashyoviy (moddiy) va raqamli (sifrovoy) ma’lumotlar – arxeologik qazishmalar chog‘ida chiqqan paleoantropologik, arxeozoologik, arxeobotanik qoldiqlar, tuproq, ko‘mir, yog‘och kundasi (spila) namunalari kiradi.

Laboratoriyaning maqsadi – osteoarxeologik, arxeobotanik, arxeozoologik va biokimyoviy tahlillar orqali o‘tmishdagi kishilar turmushini qayta tiklash hamda qadimgi aholining hayotni ta’minlash tizimini interpretatsiya qilishdan iborat.

Laboratoriyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

- respublika bo‘ylab olib borilayotgan arxeologik izlanishlarda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot usullarini keng qo‘llaydi;

- arxeologik qazishmalar chog‘ida yoki tasodifan topilgan inson osteologik qoldiqlari qayta tiklash orqali paleodemografiya, o‘tmishda yashagan kishining sog‘lig‘i, turmush darajasi va ovqatlanish ratsionini aniqlaydi;

- arxeologik qazishmalardan chiqqan o‘simlik, urug‘, meva va gul changlarining qoldiqlarini o‘rganish va interpretatsiyalash orqali qadimgi O‘zbekiston florasi, o‘tmish kishilarining ovqatlanish ratsioni, ularning yashash strategiyasi va o‘simlik iqtisodiyotini qayta tiklaydi;

- o‘tmishda inson va hayvonat dunyosi (fauna) munosabatini, o‘tmish landshafti va iqlimini, xo‘jaligini qazishmalar chog‘ida topilgan hayvon suyaklari qoldiqlari orqali o‘rganadi;

- qadimda O‘rta Osiyo bo‘ylab o‘tgan Buyuk ipak yo‘lidagi tijoriy-madaniy va xo‘jalik munosabatlarini ochiqlashda bioarxeologik artefaktlardan foydalanadi;

- bioarxeologiya yo‘nalishida ilmiy kadrlar tayyorlaydi;

- O‘zR FAning Tabiiy fanlar bo‘limi institutlari, OTMlari va chet eldagi ilmiy markazlar bilan ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yadi.

Ushbu laboratoriyada ilmiy izlanishlar arxeologiya va tabiiy fanlar bilan uyg‘unlikda olib boriladi. Bugungi kunda ushbu laboratoriyani tashkiliy jihatlari, ya’ni laboratoriya uchun uskuna va jihozlar ro‘yxatini tuzish, ularni sotib olish xarajatlar smetasini ishlab chiqish va eng muhimi ana shu asboblarni o‘z izlanishlarida qo‘llay oladigan ilmiy xodimlar, laborantlarni jalb etish va tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda.

 

1. Laboratoriya nizomi

2. Laboratoriya yo'l xaritasi

3. Laboratoriyaning 2020-2024 yillar uchun dasturi

4. Laboratoriya xodimlari hisoboti

Laboratoriya xodimlari to'grisida batafsil ma'lumotlar

 


×