Eng muhim ilmiy kashfiyotlar

O‘zbekistonning tosh davri madaniyati

Markaziy Osiyo jumladan, O‘zbekistonning qadimgi xalqlari tarixiga oid yangi arxeologik va paleoantropologik materiallar qo‘lga kiritildi.

Fergantrop odami qoldiqlarining topilishi va tadqiq etilishi natijasida Markaziy Osiyoning odamzod tomonidan o‘zlashtirilishi tarixi 1,5 million yilga qadimiylashdi. Obi-rahmat odami qoldiqlarining topilishi natijasida O‘zbekiston hozirgi vaqtda ilk zamonaviy odamlar (Homo sapienes sapienes) shakllangan hudud sifatida e’tirof etilmoqda. Obi-rahmat g‘orida olib borilgan tadqiqotlar madaniy qatlamlarning aniq ketma-ketligini qayd etdi. Bu yerda aniqlangan gominid qoldiqlari O‘zbekiston hududida neandertallarning Homo sapiens tomon evolutsiyasini kuzatishda muhim topilma bo‘lib xizmat qiladi.

http://archaeology.uz/wp-content/uploads/2017/01/1-2.jpghttp://archaeology.uz/wp-content/uploads/2017/01/2-2.jpg

 

 

 

 

 

 

Ko‘lbuloq, Qutirbuloq, Zirabuloq paleolit manzilgohlarini o‘rganilishi jarayonida zamonaviy usullar yordamida topilmalarning aniq texnik-tipologik klassifikatsiyasi ishlab chiqildi, toshga ishlov berishning texnologik va tipologik indekslari qayd etildi. Tosh qurollarning yangi turlari aniqlandi. Ilk marotaba O‘zbekiston paleolitshunosligida xom ashyoning toshga ishlov berish texnikasi rivojidagi o‘rni aniqlandi. Farg‘ona vodiysi, Qizilqum va Zarafshon vohasida so‘nggi paleolit davriga oid yangi yodgorliklarini aniqlanishi bu hududlarda qadimgi davr tarixidagi “oq dog‘larni” yo‘qolishiga olib keldi. Qizilqum neolit otryadi tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida paleolit va neolit davriga oid yangi yodgorliklar aniqlandi. Xususan, Oyoqagetma neolit davri yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarda Kaltaminor madaniyatida yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirilishi borasidagi yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritildi. Bu esa Qizilqum neolit jamoalari nafaqat ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullanganliklarini, balkim chorvador ham bo‘lganliklarini ko‘rsatadi. Shu bilan birga Kaltaminor madaniyatini 3 ming yilga qadimiylashtiruvchi ma’lumotlar ham qo‘lga kiritildi.

Ilk metall va antik davri (mil avv. III ming y. – milodiy I ming y.)

Dehqonchilik, hunarmandchilik va madaniyatning rivojlanishi hamda ilk shahar va davlat birlashmalarining paydo bo‘lishi asosida Turon sivilizatsiyasining eneolit-ilk temir davrida shakllanishi va yuksalishi jarayonlari o‘rganildi.

Bronza davrining ilk bosqichlari borasidagi asosiy materiallar O‘zbekiston janubida – Jarqo‘ton, Bo‘ston yodgorliklaridan olindi. Xususan, Jarqo‘ton protoshahar va ilk davlat birlashmalarinining paydo bo‘lishi va rivojlanishini o‘zida aks ettiruvchi yodgorlik hisoblanadi.

Samarqand Sug‘dida, Chelak shahri yaqinidagi Ko‘ktepa yodgorligida zardo‘shtiylik ibodatxonasi, saroy va mudofaa tizimlarining qisman ochilishi qadimgi shaharning ichki tuzilishi borasidagi malumotlarni qo‘lga kiritish imkonini berdi. Afrosiyob yodgorligida olib borilgan qazishmalar jarayonida esa shaharning tarixini 2750 yilga qadimiylashtiruvchi ma’lumotlar qo‘lga kiritildi va bu sana halqaro miqyosda nishonlandi.

Janubiy Sug‘dda aniqlangan yangi arxeologik materiallar asosida Qarshi va Shahrisabz shaharlari yoshi 2700 yilga teng ekanligi aniqlandi va halqaro miqyosda nishonlandi.

Arxeologik qazishmalar Eski Termizdagi buddaviylik markazi Qoratepada ham davom ettirildi. Malum bo‘lishicha, Termita-Termiz Kushonlar davrida O‘rta Osiyoda buddaviylikning yirik markazi bo‘lgan. Bu yerdan topilgan badiiy madaniyat va yozuv namunalari Baqtriya buddaviylik madaniyatini o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonning qadimgi to‘qimachilik tarixiga doir yangi malumotlar qo‘lga kiritildi. Farg‘ona vodiysidagi Munchoqtepadan topilgan ipak qoldiqlari bu yerda ipak ishlab chiqarish eramiz boshlariga to‘g‘ri kelishini, III-IV asrlarda esa ipakchilik markazi sifatida shakllanganligini ko‘rsatmoqda.

Mingtepa yodgorligida (Andijon viloyati) olib borilgan tadqiqotlar esa bu yerda ilk temir davriga oid madaniy qatlamlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga bu yerda 150-160 ga maydonni o‘rab olgan tashqi mudofaa devori qoldiqlari ham aniqlandi. Mudofaa devorlari to‘rtburchak ko‘rinishdagi shinaklar bilan ta’minlangan minoralar orqali mustahkamlangan. Qo‘lga kiritilgan materiallar asosida ichki shaharni burchaklaridagi minoralar ikki qavatli qilib qurilganligi asoslandi. Shu bilan birga bu yerda ilk bor antromorf va zoomorf elementlari tushirilgan qizil angob berilgan sopol idishlar qoldiqlari topildi. Ushbu ma’lumotlar Mingtepani poytaxt maqomiga ega shahar ekanligini (Xitoy manbalarida Ershi) ko‘rsatmoqda.

V- XIII asr boshlarida Markaziy va Shimoli-sharqiy O‘zbekistonning tarixiy topografiyasi

O‘zbekiston hududida keng miqyosda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ko‘plab qadimgi va o‘rta asrlarga oid shahar va qishloqlarni o‘rganilishiga imkon yaratdi. Jumladan, shaharlarning funksiyasi, ularning morfologiyasi va atrofdagi qishloqlar hamda dasht aholisi bilan aloqalari har tomonlama o‘rganildi. Natijada O‘zbekistonning barcha hududlarida V- XIII asr boshlariga oid shahar madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi kuzatildi. Choch (Toshkent), Farg‘ona, Ustrushona, Sug‘d va Tohariston o‘rta asr shaharlarining tarixiy topografiyasi va rivojlanish bosqichlariga doir ma’lumotlar to‘ldirildi. O‘zbekistonning qadimgi me’morlarining shaharsozlik borasidagi yechimlari, qadimgi va o‘rta asr shaharlaridagi rivojlanish strukturasi an’anaviyligi aniqlandi. Bularning barchasi o‘rta asr shaharlarining ichki hayoti, hunarmandchilik, savdo-sotiq, ijtimoiy munosobatlar borasidagi umuman yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritish va shu orqali alohida hududlarning iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini kuzatish imkonini berdi.

Kofirqalada olib borilgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida Sug‘dning ilk o‘rta asrlar siyosiy tarixi, ma’muriy boshqaruvi, huquqiy amaliyoti va tashqi aloqalari borasida muhim tarixiy manba-ko‘p sonli bullalar qo‘lga kitildi. Bullalar- muhr izi yoki yozuv tushirilgan, silindr yoki aylana ko‘rinishda bo‘lib, loydan yasalgan. Bullalar orqali hujjatlari (shartnoma, xat, bildirishnomalar) huquqiy jihatdan tasdiqlangan yoki muhrlangan. Tovuslar ushlab turgan holatda taxtda o‘tirgan Budda (Amitabxi yoki Avalokiteshvar) tasviri, Rim xudosi Yanusga o‘xshash ikki yuzli xudo tasviri aks ettirilgan bullalar o‘ziga xos, o‘ta noyob hisoblanadi. Ayrim bullalardagi tasvirlarning ildizi ellin madaniyatiga borib taqalsa, ayrimlarida esa afsonaviy qahramonlar tasviri aks ettirilgan.

Iqtisodiy o‘sish talablari, madaniy rivojlanish va irrigatsiya tarmoqlarining xususiyatidan kelib chiqqan holda turli davrlarda aholi turar-joylarining paydo bo‘lishi, halqlarning ko‘chishi jarayoni bosqichlari kuzatildi. Shu bilan birga, Toshkentdagi Xarashkent, Buxoro vohasidagi Poykent va Markaziy Farg‘onaning yirik poytaxt shaharlarining inqirozi sabablari aniqlandi.

Hozirgi Marg‘ilon shahri hududida olib borilgan qazishmalar natijasida 20 ga qamrab olgan qadimgi shahar o‘rni aniqlandi. Qo‘lga kiritilgan natijalar asosida YUNЕSKO homiyligida Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi halqaro miqyosda nishonlandi.

Shimoliy Farg‘ona hududida olib borilgan tadqiqotlar jarayonida qo‘lga kiritilgan arxeologik materiallar va yozma manbalar tahlili asosida qadimgi Farg‘onaning poytaxti -“Fargana” (“Yuan”) Eski Axsi (Axsiket) yodgorligi o‘rnida bo‘lgan degan xulosaga kelindi.

  • Buxoro Sug‘dida joylashgan yirik yodgorliklaridan biri Poykentda arxeologik qazishmalar davom ettirilmoqda. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan va sharqda Xitoy bilan savdo aloqalarini olib borgan, Qora dengizda dengiz faktoriyalariga egalik qilgan Poykent yozma manbalarda Bi knyazligi, “savdogarlar shahri” sifatida qayd etilgan. Arxeologik qazishmalar jarayonida arkda zardo‘shtiylik ibodatxonasi, jome masjidi va minorasi, hukmdor saroyi, xazina, qurol aslaha saqlanadigan joy va mudofaa devori bo‘ylab joylashgan kazarmalar qoldiqlari ochildi. Birinchi va ikkinchi shahristonda monumental fortifikatsiya tizimi, turar joylar majmuasi, temirchilar ustaxonalari, novvoyxonalar, tabiblar qabulxonalari joylashgan ko‘chalar hamda 4500 ga yaqin noyob Sug‘d mis tangalari qo‘lga kiritildi.
  • Buxoro vohasida olib borilgan keng miqyosdagi tadqiqotlardan yana biri Kampirdevor nomi bilan mashhur voha devorini tadqiq etish hisoblanadi. Tadqiqotlar natijasida devorning 300 km ga cho‘zilganligi va 15 rustoq-tumanni qamrab olganligi aniqlandi. Devor har 8-10 km masofada minora, qalalar, darvozalar va ularning yonida karvonlarni nazorat qiladigan bojxonalar bilan mustahkamlangan. Voha devorining ilk qurilishi V asrga oid bo‘lib, u vohani ko‘chmanchilardan himoya qilish uchun xizmat qilgan.

IX – X asrlarda Markaziy Osiyoda o‘ziga xos pul muomalalari yo‘lga qo‘yilgan alohida iqtisodiy hududlar mavjud bo‘lganligi borasidagi fikrlar yangi numizmatik materiallar asosida o‘z tasdig‘ini topdi.

Shoshtepada aniqlangan eramizdan avvalgi II asrlarga oid xochsimon shakldagi arxitektura qoldiqlari – qadimgi Toshkent hududida shaharsozlik madaniyatining paydo bo‘lishini namoyon etadi. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar davomida IX-XI va XIII-XVI asrlarga oid Toshkent-Binkat o‘rta asr shahrining ko‘rinishi tiklandi.

Qadimgi ishlab chiqarish jarayonlarini kimyoviy-texnologik o‘rganish va O‘zbekiston moddiy-madaniy merosini saqlash

Kimyoviy, spektral va boshqa turdagi tahlillar asosida Shimoliy Baqtriyadagi qadimgi mettallurgiya va metallga ishlov berish sohasida xom ashyo manbalari xarakteri, kimyoviy va tipologik o‘zgarishlar aniqlandi.

Afrosiyobdan topilgan XII asrga oid monumental tasviriy surat bo‘laklari, Qoratepa buddaviylik markazidagi loy-ganchdan qilingan haykallar, Zartepa, Ko‘ktepa, Poykent, Xorazmdan topilgan numizmatik materiallar va metall buyumlarni saqlab qolish borasida konservatsiya va restavratsiya ishlari amalga oshirildi.

Qoyatosh suratlarining noyob galeriyasi hisoblangan Sarmishsoyda o‘ziga xos konservatsiya ishlari olib borilib, yangi petrogliflar aniqlandi, qoyatosh suratlari joylashgan sathlarning yemirilishi to‘xtatilib, asli holiga keltirildi.

http://archaeology.uz/wp-content/uploads/2017/01/%D0%B0-300x171.jpg

Amaliy ishlanmalar:

Sug‘d hududida ilk bor turli tarixiy davrlarda faoliyat yuritgan mis va bronzaga ishlov berish hunarmandchilik (kandakorlik) markazlari aniqlanib, metallarning kimyoviy tarkibi, qorishmalardagi metallar nisbati, ularni quyish usullarining dinamik rivojlanish aniqlandi. Shu bilan birgalikda Sug‘dda metallga ishlov berishini rivojlanishiga asos bo‘lgan xom-ashyo bazalarining manbalari aniqlandi.

2012 yilda Janubiy Orolbo‘yining bronza davriga oid Amirobod va Tozabog‘yob madaniyatlarining metalsozligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borildi. Shu bilan birga metal buyumlarning kimyoviy metalurgik xossalari o‘rganildi, metallarni aniq xom-ashyo markazlariga bog‘lashga harakat qilindi, kimyoviy guruhlar namunalarining tarqalishi kartografiyasi ishlab chiqildi, metall buyumlarni tipologik tahlili amalga oshirildi, topilgan metall namunalarini ma’lum hududlar madaniyatlaridagi metall buyumlari bilan taqqoslandi, shuningdek Xorazm hududida bronza davri metalsozligi rivojlanishining tarixiy ta’rifi berildi.

Mavjud manbalardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Qizilqum tog‘lari hududida ham qadimiy metallsozlik madaniyati mavjud bo‘lgan va rivojlangan.

Arxeologik topilmalarni kimyoviy-texnologik jihatdan o‘rganish sohasida ilk o‘rta asr Afrosiyob devoriy suratlaridagi mineral bo‘yoqlarning organik tarkibi tadqiq etildi. Xromatogramlarni o‘rganish asosida yelim sifatida mevali daraxtlarning qorishmalari ishlatilganligi aniqlandi. Respublika hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida aniqlangan turli qadimiy topilmalarni restavratsiya va dalada konservatsiya qilish borasida ham katta ishlar bajarildi. Ilk o‘rta asr Sug‘d tasviriy san’ati rivojlanishiga doir qimmatli ma’lumotlar beruvchi, Afrosiyob yodgorligida arablargacha bo‘lgan davrga oid devoriy suratlarni ajratib olish bo‘yicha konservatsiya ishlari olib olib borildi. Afrosiyobning qoraxoniylar davriga oid noyob devoriy sur’atlarini restavratsiya qilish ishlari davom ettirilishi natijasida turli parchalarni alohida syujetlarga bog‘lash imkoni paydo bo‘ldi. Restavratsiya ishlari davomida ekspozitsiya ishlari uchun 4 ta yirik syujetli kompozitsiyalar tayyorlandi va turli kompozitsiyalarga oid 47 ta parchalar restavratsiya qilindi. Oltita tayyor syujetlar Samarqand tarixi muzeyiga ekspozitsiya uchun topshirildi. Bundan tashqari Qoratepada aniqlangan loy-ganchli haykalini, Poykent naqshli ganchlarini, respublikaning turli arxeologik obyektlaridan topilgan metall va sopol buyumlarni ta’mirlash borasidagi ishlar amalga oshirildi. Sarmishsoy qoyatosh rasmlarini konservatsiyasi va xujjatlashtirish ishlari davom ettirildi. XIX asrga oid suv tegirmoni qisman qayta tiklandi.

 

 


×