O‘ZBЕKISTON – JAHON SIVILIZATSIYASI TIZIMIDA
O‘zbekiston – jahon sivilizatsiyasining eng qadimgi o‘choqlaridan biri, uning salmoqli, ajralmas qismidir.
O‘zbeklar Respublikaning eng qadimiy tubjoy xalqi, ushbu yuksak sivilizatsiyaning merosxo‘rlaridirlar. Markaziy Osiyo tuprog‘ida mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi, respublikamizda tarixiy ildizlarimizga, davlatchiligimizning ilk manbalariga, iqtisodimiz va madaniyatimizning o‘tmishiga, boshqa xalqlar bilan tarixiy aloqalarimizga, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalarini bilishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib yubordi.
Xalqimizning kelib chiqishini haqqoniy tarixiy manzarasini yaratish bugungi kunning dolzarb vazifalardan biri hisoblanib, bu mustaqil respublikamizda milliy tiklanish, milliy hamjihatlikni kuchayishiga olib keladi. Tarixda xalqning taqdiri aks etgan bo‘lib, uni anglash, his etish, halqning tafakkurida tarixiy ongni shakllantirishga, milliy o‘z-o‘zini anglashga, vatanparvarlik va xalqparvarlikni oshishiga olib keladiki – bularsiz buyuk davlat qurishni iloji yo‘qdir. Afsuski, o‘zbek xalqining qadimgi davrlardan tortib to bugungi kungacha bo‘lgan tarixi bir tekisda o‘rganilgan yo‘q va o‘rganilgan qismi ham haqqoniy tarixiy haqiqatni anglata olmaydi. Insoniyatni tafakkurini shakllantiradigan, fanlar tarmog‘i ichida, arxeologiya XIX asrda olamshumul to‘ntarish yasadi. Asrimiz boshida mashhur ingliz arxeologi G.Chayld: «teleskop astronomiyada qanchalik ko‘rish imkoniyatini oshirgan bo‘lsa, bu fan ham (arxeologiya), o‘tmishining cheksiz ufqlarini ko‘rishni shu darajada kengaytirdi. Mikroskop biologiya fanida, katta organizmlarning tashki qobiqlarini juda kichik hujayralar tashkil etishini kashf etganidek, bu fan ham tarixshunoslikda o‘tmishni o‘rganish imkonlarini yuzlab karra oshirdi. Qisqasi, radioaktivlik ximiyada qanchalik miqyosda o‘zgarishlar qilgan bo‘lsa, bu fan ham tarixshunoslikda shu darajada o‘zgarishlar yasadi» – deb yozgan edi.
Arxeologiya tufayli insoniyat tarixi 2-2,5 million yilga qadimiylashdi. Qadimgi Misr, Ikkidaryo oralig‘i, Hind, Xitoy, Mayya, antik Gresiya va Rim sivilizatsiyalari kashf qilindi.
O‘zbekistonda yuz yildan buyon olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida, nafaqat yuksak va o‘ziga xos, o‘z yoshi jihatidan jahon sivilizatsiyasi o‘choqlaridan qolishmaydigan Baqtriya, Xorazm, Sug‘d sivilizatsiyalari ochildi, balki bu qadim yurt insoniyat tomonidan 1 million yillar ilgari o‘zlashtirilganligi ham kashf qilindi.
O‘zbekiston zamini o‘z bag‘rida, o‘tmishning barcha bosqichlariga oid qimmatli yodgorliklarni asrab kelayotgan bebaho arxivdir. Uning hududlarida insoniyat sivilizatsiyasining bebaho durdonalari bo‘lgan 8 mingdan oshiq arxeologik yodgorliklar saqlangandir.
Ajdodlarimiz tomonidan bunyod etib qoldirilgan har bir qasr, qal’a, manzilgoh yoki qoyatosh suratlari muhim tarixiy guvoh, hujjat bo‘lib ular o‘z tadqiqotini kutmoqda. Shu sababli, kun tartibida turgan birinchi muhim masala yuqorida tilga olingan yodgorliklarni har tomonlama avaylab asrashdir.
O‘zbekiston – ochiq osmon ostidagi ulkan muzey bo‘lib, uning bebaho tarixiy eksponatlari Samarqand va Buxoro, Xiva va Shahrisabz, Termiz va Qo‘qondagi nodir me’morchilik ansambllari bilan birgalikda, qadimgi Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Zarafshon va Farg‘ona vodiysida, Sharq bilan G‘arbni bog‘lab turgan qit’alararo savdo-karvon yo‘li o‘tgan bepoyon kengliklarida saqlanib qolgandir. Bularning barchasi O‘zbekiston xalqlarining moddiy madaniyati va etnik qiyofasida muhrlanib qolgandir.
Afsuski, sobiq Sovet imperiyasi davrida boshqa tarixiy fanlar kabi o‘zbek arxeologiyasi ham totalitar davlat mafkurasining iskanjasida edi. Marksistik konsepsiya asosida shakllangan bu mafkura, jamiyat taraqqiyotini asosiy harakatlantiruvchi kuchi sinflarning o‘zaro qarama- qarshiligidadir, deya o‘rgatar edi Mustaqil O‘zbekistonda boshqa tarixiy fanlar qatori arxeologiya ham jamiyat taraqqiyotini haqqoniy, har tomonlama keng urganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda «fan», «davlat», «tarix», «sivilizatsiya», «meros» kabi tushunchalar yangicha ohangda jaranglamoqda bu tushunchalar yangicha ma’no kasb etdi va yagona, o‘zaro hamohang tushunchaga aylandi.
Uzoq davom etgan tarixiy jarayonlarda xalqning taqdiri muhrlangan bo‘lib, tarixchi va arxeologlarning vazifalari millatning haqqoniy tarixini, mavjud dalillar asosida yaratib, totalitar Sovet tuzumi davrida yo‘l qo‘yilgan adolatsizliklar, soxtalashtirishlarga chek qo‘yishdir.
O‘zbek halqining tarixi, eng qadimgi davrlardan, ya’ni paleolit davridan boshlab to bugungi kungacha, janubda O‘rta Sharq va shimolda Yevroosiyo cho‘llari bilan yaqin aloqada rivojlanib, umum jahon tarixining bir qismi hisoblanadi. O‘zbek arxeologlari o‘tmishga subyektiv yondashishga yo‘l qo‘ymaslik, tor qobiqda o‘ralashib qolmaslik uchun AQSH, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va dunyoning boshqa yirik ilmiy markazlari bilan chuqur, har tomonlama hamkorlik qilmokda. Bu hol o‘zbek arxeologiyasini jahonga tanilishiga, uning halqaro obro’-e’tiborini oshishiga va xalqimiz tarixini dunyoga yoyilishiga olib kelmoqda. Misol uchun bugungi kunda o‘zbek arxeologlari xorijiy hamkorlari bilan birgalikda, ilk o‘zbek davlatchiligi tarixi va uning taraqqiyoti bosqichlari, etnos tarixining ilk davrlari, ulug‘ sivilizatsiyani yaratishda uning ahamiyatini oydinlashtirish, Buyuk Ipak yo‘li tarixi, dunyoviy dinlarning tarqalish yo‘llarini o‘rganish kabi muhim muammolarni hal qilmoqdalar.
O‘zbekistonda tarixiy ongni rivojlantirish, Mustaqil O‘zbekistonning yosh ozod fuqarosini tarbiyalash borasida o‘zbek arxeologiyasi amalga oshirishi lozim bo‘lgan asosiy fundamental va amaliy tadqiqotlarni quyidagi bloklarga ajratish lozimdir.
Arxeologiyaning nazariy-metodologik asoslarini yaratish – o‘tmishga materialistik yondashish, jamiyatning evolyutsion va bir tekisda rivojlanishi, tarixni qat’iy formatsiyalarga bo‘lib o‘rganishdan voz kechish va mamlakat tarixi va millat tarixini davrlarga va xronologiyaga bo‘lish muammolariga sivilizatsion yo‘l bilan yondashish va boshqalar. Dunyo arxeologiyasining tajribalari asosida tadqiqot usullarini takomillashtirish va statistik, morfologik, funksional, taksometrik o‘lchovlar bo‘lgan «arxeologiya manbai», «madaniyat», «madaniy qatlam», «yodgorlik», «manzilgoh», «sivilizatsiya», «qishloq», «ilk shahar», «ilk davlat» kabi tushunchalarni jahon arxeologiyasi andozalariga yaqinlashtirish.
Etnos, jamiyat va odamzotning kelib chiqishi, urug‘larning shakllanishi, Janubdagi o‘troq dehqonchilik madaniyati bilan Shimoldagi ko‘chmanchi dasht madaniyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, o‘zbeklarning kelib chiqishida Oltoy-Turon va Hindu Yevropa xalqlarining o‘zaro hissasini (sintez) aniqlash.
Yuqorida tilga olingan barcha ilmiy muammolar hozirda institutimiz olimlari tadqiq qilayotgan 4 asosiy ilmiy-tadqiqotlar mavzularida o‘z aksini topgan bo‘lib, ular quyidagilardir:
O‘zbekistonning qadimgi tosh asri ildizlari va atrof muhit.
O‘zbekistonning qadimgi va o‘rta asrlardagi davlatchiligi, moddiy-madaniyati va mafkuraviy hayoti (arxeologiya manbalari asosida).
O‘zbekistonning o‘rta asr davlatchiligi va sivilizatsiyasi arxeologiya manbalari asosida.
Qadimgi hunarmandchilik mahsulotlarini fizik, ximik, arxeologik tadqiqotlar asosida o‘rganish va arxeologiya obidalarida kimyoviy konservatsiyalash usullarini tadbiq qilish.
O‘zbekiston arxeologiyasi so‘nggi chorak asr mobaynida ulkan ashyoviy dalillar zahirasini to‘plashga erishdiki, bular o‘zbek xalqining kelib chiqishi tarixini bor bo‘yi – basti, yangi qirralari bilan yangidan yoritish imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 22 iyuldagi qarorida tarixchilarimiz oldiga qo‘ygan muhim vazifalardan kelib chiqib va mustaqil, ozod davlatimiz konsepsiyasi asosida o‘zbek arxeologiyasi quyidagi dolzarb va muhim ilmiy yo‘nalishlarni belgilaydi.
O‘ZBЕK DAVLATCHILIGI VA SIVILIZATSIYASINING PAYDO BO‘LISHI, SHAKLLANISHI HAMDA RIVOJLANISH BOSQICHLARI.
(QADIMGI DAVRLARDAN TЕMURIYLAR DAVRIGACHA)
O‘zbek sivilizatsiyasi va davlatchiligi o‘z taraqqiyoti davomida qo‘yidagi bosqichlarni boshidan kechirgan:
Birinchi bosqich. Bu bosqichda, eramizdan oldingi 11-1 ming yilliklardagi, ilk temir va bronza davrlarida Amudaryo, Zarafshon, Qashqadaryo havzalarida hamda Sheroboddaryo va Okdaryoning kichik vohachalarida o‘troq dehqonchilik madaniyati, ilk shaharlar, dastlabki madaniy vohalar va qadimgi Misr shaharlari, Mesopotamiya va Mayyadagi shahar davlatlarga o‘xshash davlatlar paydo bo‘ladi.
Ikkinchi bosqich. Qadimgi Sharqning Midiya davlatiga o‘xshash «Katta Xorazm», «Baqtriya podsholigi» va «Gava Sug‘di» kabi yirik, shakllangan siyosiy davlatlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Tarixiy va arxeologik manbalar buni tasdiqlaydi. Zamonaviy O‘zbekiston territoriyasida bu davrga oid madaniy o‘choqlarni arxeologlarimiz Farg‘ona vodiysidan (Chust madaniyati), Sug‘diyonadan (Ko‘ktepa, Sangirtepa, Uzunqir va boshqalar), Baqtriyadan (Djarquton, Mollalitepa, Kuchuktepa va boshqalar), Chochdan (Burganlik madaniyati), Horazmdan (Gyaurqal’a, Quyusoy) topib o‘rganganlar. Yuqoridagi tilga olingan ilk shahar madaniyati o‘choqlarini Avestoda keltirilgan jamiyatlar bilan taqqoslash mumkin.
Uchinchi bosqich. Bu bosqichda o‘zbek davlatchiligi o‘z siyosiy va iqtisodiy mustaqqilligini yo‘qotib uning hududlari eramizdan oldingi VI asrda ahomoniylar, so‘ngra eramizdan oldingi IV asrlarda Aleksandr Makedonskiy davlati kabi yirik, imperiyalarning ma’muriy bo‘laklaridan biriga aylanadi.
To‘rtinchi bosqich: o‘zbek davlatchiligi Salavkiylar imperiyasining qaramligidan ozod bo‘lib, eramizdan oldingi III-II asrlarda Yunon-Baqtriya podsholigi paydo bo‘lganligi bilan xarakterlanadi.
Bu davrda tarix sahnasida Xorazm, Davon, Qushon imperiyalari hamda Kangyuy konferensiyalari paydo bo‘ladi. Voha urbanistik va ko‘chmanchilik shakllarini o‘zida jamlagan, Markaziy Osiyo tipidagi davlatlar paydo bo‘ladi. Voha – urbanistik tipidagi davlatlarda doimiy sug‘orish tarmoqlari asosida irrigatsiya va dehqonchilik taraqqiy etgan bo‘lsa, ko‘chmanchilik shaklidagi davlatlarda esa ko‘proq davlatchilikda harbiy-ma’muriyatchilik elementlari kuchayganligini kuzatamiz.
Yirik imperiyalar tarqalib ketganidan so‘ng ham davlatchilikning ikkinchi tipi keyingi asrlarda ancha uzoq yashaganligini ko‘ramiz. Yunon-Baqtriya, Qushon, Kangyuy davlatlarini inqirozidan so‘ng, eftalitlar, sosoniylar, Turk hoqonligi va Arab xalifaligiga qaram bo‘lgan bir qancha mayda vassal hukmdorliklar paydo bo‘ladi.
Beshinchi bosqich eramizning IV-VI asrlarida xioniylar, kidaritlar, eftalitlar va turk hoqonlari sulolalarining paydo bo‘lishi o‘zbek davlatchiligining rivojlanishi bilan xarakterlanadi.
Aynan bu davrda yirik antik davlatlar himoyasida qit’alararo o‘tuvchi savdo-karvon yo‘li Buyuk Ipak yo‘li shakllanadi. Bu yo‘lning ta’sirida ichki va tashqi savdo ko‘chayadi, tranzit va mahalliy savdo yo‘llari paydo bo‘ladi, shaharlarning tarkibiy qismida o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Sug‘d homiyligida Xorazm, Ustrushona, Choch, Farg‘ona va Tohariston Hukumdorliklari Ittifoqi paydo bo‘ladi. Eftalitlar va turk hoqonligi davlatlarida dehqonchilik, chorvachilik sivilizatsiyasining sharqona qimmati paydo bo‘ladi. Yagona madaniyat shakllanadi. O‘zbekiston xalqlarining Markaziy Osiyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan salmoqli ulushi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ipak yo‘li orqali tovarlar, g‘oyalar, ilm-fan, san’at va madaniyatning harakatlanuvi tufayli davlat sivilizatsiyasi jahon sivilizatsiyasi tomon o‘sib boradi.
Oltinchi bosqich. VII-VIII asrlarda O‘zbekiston hududlari arab xalifaligi tarkibiga kirishi va mustaqillikni yo‘qotishi bilan xarakterlanadi. Arablarga qarshi kurashda turklar bosh ahamiyat kasb etadilar. Bu bosqichda turklar barcha jihatlarda o‘z qobiliyatlarini namoyish etadilar. Tarixiy manbalar, VIII-IX asrlarda turklarning katta harbiy qobiliyatlari, davlat boshqarishdagi mahoratlarini isbotlaydi. Somoniylar davlat boshqaruv apparatida va harbiy institutlarida turklarning roli ko‘chayganligi ko‘rinadi.
Yettinchi bosqich. X-XIII asrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar va Xorazmshohlarning mustaqil davlatlarining paydo bo‘lishi, hukmronlik qilishi bilan xarakterlanadi.
Qoraxoniylar hoqonligi, Anushteginlar – xorazmshohlar davlatlari o‘zbek davlatchiligining yangi bosqichlari.
Sivilizatsiyaning asosiy ko‘rinishi hisoblangan shaharlar bu davrda gurkirab rivojlanadi. Poytaxt shaharlar, Buxoro, Samarqand va Urganch moddiy va ma’naviy madaniyatning markazlariga aylanadi. Bu davrda Samarqand, Shosh, Buxoroning kumush tangalarini Sharqiy va Shimoliy Yevropaga kirib kelishi kuchayadi ya’ni ular qit’alararo savdo-karvon yo‘lida asosiy xorijiy tovarga aylanadi.
Bu davrda o‘zbek xalqining madaniyati har tomonlama rivojlanib bu Samarqand, Shosh, Farg‘ona, Ustrushona, Chag‘oniyon kulollari, misgarlari, zargarlari, kandakorlarining yuksak sifatli mahsulotlarida o‘z aksini topadi.
Sakkizinchi bosqich. Movarounnahrga mo‘g‘ullar bosqini va uning o‘z mustaqilligini yo‘qotib, X111-X1U asrlarda Chig‘atoy davlati tarkibiga kirganligi bilan xarakterlanadi.
XIII asrning boshida Markaziy Osiyo Chingizxon tomonidan istilo qilinadi. Mo‘g‘ullarga qarshi yirik turk davlat arboblari va lashkarboshilari erk jangiga ko‘tariladilar. Muhammad Inolchiq (O‘tror), Temur Malik (Xo‘jand), Jaloliddin Manguberdilar mo‘g‘ullarga qaqshatg‘ich zarbalar beradilar.
Bu davrda yirik shaharlar inqirozga uchraydi, aholining katta qismi qirib tashlanadi va omon qolganlari qullikka mahkum etiladi, buning natijasida Markaziy Osiyoning iqtisodi, madaniyati va taraqqiyoti bir necha asr orqaga suriladi.
Sohibqiron Amir Temurning mo‘g‘ullar istibdodiga qarshi olib borgan ozodlik kurashlari va buning natijasida mo‘g‘ul bosqichlaridan xalos bo‘lish tufayli Markaziy Osiyoda mustaqil davlat yuzaga keldi. Amir Temur davlati Xitoy, Hindiston va Arab mamlakatlari bilan o‘rnatgan madaniy, iqtisodiy va ilmiy aloqalar tufayli Movarounnahrda me’morchilik, san’at-madaniyat, hunarmandchilik rivojlandi.
Temuriylar Renessansi davrida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ shoir, yozuvchilarning xizmatlari tufayli o‘zbek adabiy tili rivojlandi, yangi pog‘onalarga ko‘tarildi. Samarqand dunyoviy imperiyaning shohona poytaxtiga aylandi. Shoh, olim Mirzo Ulug‘bek davrida, ayniqsa Movarounnahr ilm-fani, moddiy va ma’naviy madaniyati yangi qirralar bilan boyidi. Markaziy Osiyoning yirik shaharlari Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Termiz, Xiva X1U-XU asrlarda qadimgi Sharqning eng go‘zal, obod, yuksak madaniyatli shaharlari sirasiga kiradi.
Bu davrda moddiy madaniyatda ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Masalan, kulolchilikda temuriylar davrigagina xos stil-rang barang gullar bilan bezatilgan idish tovoqlar yasalishi keng yo‘lga qo‘yiladi.
Arxeologik va tarixiy manbalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek xalqining eng qadimgi davrlardan tortib to hozirgi kunlargacha bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, umuminsoniy qadriyatlar va davlatchilikni bunyod qilish borasidagi bunyodkorlik ishlarida qadimgi Sharqning madaniyatli xalqlari bilan yaqin hamkorlikda, qo‘shnichilikda, muloqotda bo‘lganlar. Buning natijasida ajdodlarimiz sivilizatsiya va davlatchilik borasida erishgan ko‘pgina yutuqlar bugun umuminsoniy qadriyatlarning oltin fondiga aylangandir.
O‘zbek arxeologiyasining bugungi kundagi bosh maqsadi, xalqimizning o‘tmishi haqida haqqoniy manzarani yaratish, uni eng qadimgi davlatlardan to temuriylar davrigacha bo‘lgan boy tarixini jahon tarixidan ajratmagan, qarama-qarshi qo‘ymagan holda o‘rganish, Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi muloqotlarga katta hizmat qilgan o‘zbek xalqining jahon madaniyati xazinasiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish va Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, davlatchiligini shakllanishida ajdodlarimizning xizmatlarini aniqlashdan iboratdir.
O‘zbekiston arxeologiyasini rivojlantirish konsepsiyasi Respublikamizning gullab yashnashiga, uni xalqaro maydonda obru-e’tiborini oshishiga, millatning tarixiy va ma’naviy ongini o‘sishiga, ozod vatanimizning ozod fuqarosini har tomonlama yetuk, vatanparvar, barkamol, xalqparvar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi…