“Qoratepa monumental haykaltaroshligi” (Tarixiy-badiiy tahlil va restavratsiya) (shifr 181-06) (2006-2007 yy.).
Tarixiy-badiiy tahlillar ko‘rsatishicha, Shimoliy Baqtriya hududida o‘zining haykaltaroshlik maktabi mavjud bo‘lib, qadimgi ustalar to‘plangan tajribalarni qo‘llagan holda, mahalliy an’analar va buddizm monumental san’ati qonunlarini uyg‘unlashtirish asosida buddizm san’atining ajoyib namunalarini yaratishgan.
“Monumental tasviriy san’atning noyob obyektini (Afrosiyob 12) saqlash usullarini ishlab chiqish” (shifr 181-06) (2006-2007 yy)
Afrosiyob yodgorligida aniqlangan islom davriga oid monumental tasviriy san’at fragmentlarini restavratsiya va konservatsiya qilish usulari ishlab chiqildi. Devoriy suratlariniing ishlanish texnikasi o‘rganildi, tasviriy san’at materiallari kimyoviy tahlil qilindi. Rang-barang devoriy suratlarning juda ko‘p sonli qismlari qayta restavratsiya qilinishi tufayli, qadimgi davrda pavilon devorlarini bezab turgan tasviriy suratlarni rekonstruksiya qilish imkoni yuzaga keldi.
“Qadimgi Farg‘ona hunarmandchiligi (er.avv. II-I ming yilliklar)” (shifr 183-06) (2006-2007 yy.).
Farg‘ona vodiysi Chust davri yodgorliklaridan (Chust, Dalvarzin, Ashqoltepa, O‘sh manxilgohi va bosh.) olingan arxeologik materiallar asosida tarixiy-madaniy hudud aholisining hunarmandchilik faoliyati o‘rganildi. 1970-1980 yillarda qo‘lga kiritilgan materiallarning qayta tahlili asosida, Farg‘ona vodiysida mil.avv. II-I ming yilliklarda aholining hunarmandchilik faoliyatida taqsimotlar ro‘y berganligi kuzatiladi. Hunarmandchilikning kulollik, toshtaroshlik, suyakka ishlov berish, metallsozlik, yog‘ochsozlik, zargarlik va yana ko‘plab alohida yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatganligi aniqlandi.
“Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq vodiysi qadimgi madaniy o‘choqlari” (shifr 184-06) (2006-2007 yy.).
Loyiha asosida Toshkent viloyati Pskom daryosi so‘l sohilida joylashgan Shohjuvor shahrining qoldiqlari o‘rganildi. Shahar 10 ga maydonga ega bo‘lib, arki 2,5 gani tashkil etgan. Qazish ishlari davomida aniqlanishicha shaharning eng quyi qatlamlari ilk o‘rta asrlar davriga oiddir. Shaharning eng gullab-yashnagan davri Somoniylar va Qoraxoniylar davriga to‘g‘ri keladi. Shu davrda shahar atrofida misni qayta ishlovchi hunarmandchilik qismi paydo bo‘ladi. Arxeologik tadqiqotlar Toshkent vohasi tog‘li mintaqalarida shaharlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishini kuzatish imkonini berdi.
“O‘zbekistonning janubi Kushon dari yodgorliklarida buddizm tasviriy san’ati” (FA-122) (2008-2009 yy.)
Devoriy suratlarini restavratsiya va konservatsiya qilish jarayonida o‘ziga xos syujetlar aniqlandi, tasviriy suratlar materiallari kimyoviy tahlil qilinib, ishlanish texnikalari o‘rganildi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha Baqtriya kushonlar davri tasviriy san’atida yaratilgan qonuniyatlar va prinsiplar, keyingi davrlarda, jumladan, o‘rta asrlarda rassomlar tomonidan ishlatilib kelingan. Zartepa va Qoratepa tasviriy san’at namunalari Kushonlar davri Baqtriya san’ati o‘ziga xosliklarini va Baqtriyaning Hindiston bilan faol madaniy aloqada ekanligi bu ikkala hududning yagona kushonlar imperiyasiga kirganligi bilan izohlanishini ko‘rsatdi.
“O‘zbekistonning Somoniylar va Qoraxoniylar davri turar-joy qurilish madaniyati va u bilan bog‘liq diniy tasavvurlar” (FA-123) (2008-2009 yy.)
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha Somoniylar va Qoraxoniylar daavrida turar-joylar qurilish madaniyatida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergan, xususan, pishiq g‘ishtlar keng ishlatila boshlangan. Turar-joylar tuzilishida ham o‘zgarishlar yuz berib, hovlilar (ochiq va yopiq) shakllanib va sanitar-gigiyenik qurilmalar (badrab, tashnau) joylashgan alohida kichikroq xonalar paydo bo‘lgan. Shu bilan birgalikda omborxonalar to‘rda xilvat xonalarda joylashgan. Ko‘pchilik turar-joylar bir-biridan o‘tadigan (anfilada) tuzilishda qurilgan.
FA-010-FP-73 “Markaziy Osiyo chorvador qabilalarining janubga migratsiyalari va qadimgi Turon etnogenetik jarayonlari”
1970-1980-yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida juda katta arxeologik materiallar qo‘lga kiritilgan bo‘lib, ular o‘rganilmagan holatda Surxondaryo, Samarqand muzeylarida va O‘zR FA Arxeologiya instituti fondlarida saqlangan. Loyiha asosida ular ijtimoiy va aniq fanlarning zamonaviy talablari asosida va yangi tadqiqot usullari yordamida o‘rganilishi asosida migratsiya va etnogenetik jarayonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar olingan.
FA-010-FP-74 “Buyuk Kushonlar davri Baqtriya san’ati va madaniyati”
Mazkur loyiha asosida Poyonqo‘rg‘on yodgorligi terrakota haykallari tahlil etildi. Terrakota haykalchalarning ikonografik o‘rganilishi personajlar fiziologik jihatdan uch xilda: yevropeoid, mongoloid va aralash bo‘lganligini ko‘rsatdi. Bu esa Buyuk Kushonlar davrida (1-2 asrlar) Shimoliy Baqtriya aholisi aralash turda bo‘lganligini namoyish etadi.
FA-010-FP-75 “Samarqand va Axsiketning Qoraxoniylar davri tarixiy topografiyasi”
Ma’lumki, Somoniylar davrida Samarqand rasmiy tarzda poytaxtlik maqomini, Buxoroga o‘tkazilishi munosabati bilan yo‘qotgan. Lekin Somoniylar va Qoraxoniylar davrida ham shahar Movaraunnahrning eng yirik savdo-hunarmandchilik markazi bo‘lib qolavergan. Xuddi shunday holatni Farg‘ona vodiysining yirik markazi Axsiketda ham ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda Afrosiyob va Axsiketda olib borilgan keng ko‘lamdagi arxeologik qazish ishlari, shaharlarning tarixiy topografiyasiga oid bir qancha masalalarni qayta taqqoslab ko‘rish imkonini berdi.
FA-010-FP-76 “Eneolit va bronza davrlarida O‘zbekistonda xalqlarning ko‘chish jarayonlari ”
O‘zbekiston va unga qo‘shni hududlardan olingan eneolit va bronza davriga oid metall buyumlarning kimyoviy xususiyatlari ishlab chiqildi. Tog‘-konchligi hududlari va ruda manbalari metalllarining genetik jihatdan aloqalari ko‘rsatib berilgan. Turli yodgorliklar uchun umumiy bo‘lgan metall buyum tiplari aniqlandi. Ushbu ko‘rsatkichlarga asoslangan holda O‘zbekiston va unga tutash hududlari qabilalarining o‘zaro aloqalari va tovar almashuvlari o‘rganildi.
FA-010-FP-77 “O‘zbekiston hududida eneolit davri (Ko‘kayoz ustaxonalari materiallari asosida)”
Markaziy Qizilqumdagi qurigan Ko‘kayoz vodiysi manzilgohida olib borilgan dala tadqiqotlari davomida eneolit davriga oid juda ko‘p miqdorda topilmalar-tosh qurollar olinib. Ularning Ko‘kayoz tosh buyumlari tipollogik xususiyatlari ishlab chiqildi. Texnik va tipologik tahlillar asosida aytish mumkinki, Ko‘kayoz tosh qurollarining hozircha O‘rta Osiyoda paralellari kuzatilmagan. Tadqiqotlar natijasida o‘ziga xos “Ko‘kayoz madaniyati” ni ajratib ko‘rsatish imkonini berdi.
Kompleks tahlillar natijasida 10 asrga oid mis tangalarning barcha xususiyatlari hisobga olingan, barcha tiplarning xronologik ramkalari ishlab chiqilib, ularning to‘liq bazasi ishlab chiqildi. Tangalarni tadqiq etishda o‘rganish davomida ba’zi namunalarda ishonchsiz ma’lumotlarning ko‘rsatilganligi ularni tanqidiy o‘rganish lozimligini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyoning 8-10 asrlarga oid mis zarbxonalarining o‘rganilishi, hududning ushbu davrdagi tarixida kechgan murakkab siyosiy voqe’likni oydinlashtirish imkonini berdi. Numizmatik manbalarning yozma manbalar bilan taqqoslanishi Movarounnahrning ilk xalifalik davridagi ma’muriy boshqaruv tizimiga oydinlik kiritdi. Ya’ni, ularda dastlabki davrda hukmdor vazifasini arab harbiy ma’muriyati bajarganligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari numizmatik manbalar shu davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid qimmatli ma’lumotlarni berdi.