Xalqaro hamkorlik

Respublikamizning mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng Milliy arxeologiya markazi faoliyatida keng xalqaro aloqalar va ular asosida olib borilayotgan ekspeditsiya va loyihalar muhim o‘rin egalladi.Bugungi kunda Markaz olimlari Fransiya, Italiya, Rossiya (Novosibirsk, Sankt-Peterburg), Yaponiya, AQSH va Xitoy va boshqa xorijiy davlatlar mutaxassislar bilan arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda

“Qadimda va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi”-loyiha Fransiya ilmiy tadqiqotlar Milliy Markazi (CNRS) bilan hamkorlikda olib bormoqda. Izlanishlar 1989 yildayoq boshlanib, arxeologik izlanishlar Afrosiyob (Samarqand Sug‘dining poytaxti) va Ko‘ktepa (eng qadimiy shahar markazlardan biri, antik avtorlar tomonidan qayd etishgan Basileya) yodgorliklarida olib borilgan. Loyiha rahbarlari O‘zbekiston tomondan M.XIsamiddinov, M.A.Reutova va Fransiya tomondan F.Grene, K.Rapen. Afrosiyobdagi birgalikdagi izlanishlar natijasida, qadim shaharning mukammal stratigrafiyasi aniqlandi va qadimgi sug‘diy davriga oid qatlamlar aniqlandi. Qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar Samarqand shahrining 2750 yillik yoshini belgilashda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Ekspeditsiya tomonidan qo‘lga kiritilgan yana bir muhim topilma Arkdagi saroy kompleksida aniqlangan Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar hisoblanadi. Zera ilk o‘rta asrlarga oid devoriy suratlar ancha mashhur bo‘lsada, ammo islom davriga oid tasviriy san’at namunalari O‘rta Osiyo mintaqasida yagona hisoblanadi. Ko‘ktepa yodgorligida olib borilgan tadqiqotlar uni ikki qismdan: hukmdor saroyi va shahristondan iborat ekanligi aniqlandi. Shimoliy-g‘arbiy qismida otashparastlar ibodatxonasi joylashgan shaharning qadimiy asoslari er. avv. XIII-X asrlarga oid bo‘lganligi isbotlandi. Keyingi yillarda O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasining asosiy e’tibori uzoq yillik arxeolgik tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan topilmalarni tahlil qilish, nashr etish va muzeylashtirishga qaratilgan.

“Qadimgi Baqtriya shaharsozligi va mudofaa tizimlari”– loyiha Fransiya ilmiy tadqiqotlar Milliy Markazi (CNRS) bilan hamkorlikda olib borildi. Ekspeditsiya tadqiqotlari 1991 yildan boshlab Eski Termiz (Surxondaryo viloyati) yodgorligi hududida olib borilmoqda. Loyiha rahbarlari T.Annayev, P.Lerish. Eski Termiz yodgorligida O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlarni ko‘rsatishicha, shaharning qadimiy yadrosi er.avv.I ming yillik o‘rtalarida paydo bo‘lib, keyinchalik uning atrofida shahar paydo bo‘lgan. Yunon-Baqtriya davriga kelib Termiz Arki va uning shimoliy-g‘arbiy xududlaridagi yerlar bilan birgalikda, Chingiztepa hududlarini ham qamrab olgan yirik shahar markaziga aylanadi. Bu davrga kelib Termiz Grek-Baqtriya davlatining shimoliy chegaralaridagi asosiy tayanch nuqtasiga aylangan. Keyingi yillarda O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasining asosiy e’tibori uzoq yillik arxeolgik tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan topilmalarni tahlil qilish, nashr etish va muzeylashtirishga qaratilgan.

“O‘zbekistonning shimoliy-g‘arbiy, janubiy va markaziy hududlarining tosh davri arxeologiyasi”– loyiha Fransiya ilmiy tadqiqotlar Milliy Markazi (CNRS) bilan hamkorlikda olib borilgan. Ekspeditsiya tadqiqotlari 2008 yildan Qizilqumning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan, Oyoqog‘itma manzilgohida olib borilmoqda. Loyiha rahbari M.Xo‘janazarov, F.Brunet. Tadqiqotlar natijasida er.avv. VII-V ming yilliklar oid geomorfologik qatlamlar asosida ko‘rsatishicha Qizilqum hududida birinchi bor ho‘kiz-turlarni, tuya va echkilarni xonakilashtirish jarayonlari boshlanganligi aniqlandi. Shu bilan birgalikda qadimda neolit davri o‘simlik dunyosining ayrim turlariga oydinlik kiritildi. Birinchi bor neolit davri tosh qurollari trassologiyasi o‘rganildi. Yodgorlikning qadimiy topografik xaritasi tuzildi. Oqchadaryo deltasidagi neolit davri qabilarining iqtisodiy va madaniy rivojlanishining asosiy bosqichlari aniqlanib, shu davrdagi neolit davri qabilalarining ekologik sharoitlari o‘rganilgan. Keyingi yillarda O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasining asosiy e’tibori uzoq yillik arxeolgik tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan topilmalarni tahlil qilish, nashr etish va muzeylashtirishga qaratilgan.

“Qadimgi davr dafn marosimlari va shaharsozligining rivojlanishi”- loyiha Fransiya ilmiy tadqiqotlar Milliy Markazi (CNRS) bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Arxeologik tadqiqotlar 2008 yilda boshlanib, Janubiy O‘zbekistonning bronza va ilk temir davri yirik yodgorligi-Jarqo‘tonda joylashgan. Loyiha rahbarlari-S.Mustafoqulov, X.Bendezu. Tadqiqotlarning asosiy maqsadi-Jarqo‘ton-3 qabristonida va Jarqo‘tonda madaniy qatlamlarni stratigrafik tadqiqi etishi, shu orqali yangi antropologik materiallarni qo‘lga kiritish va ularni yangi antropologik usullar yordamida o‘rganishdan iborat.

Arxeologik tadqiqotlarning asosiy yutuqlari quyidagilar:

  • birinchi bor Jarqo‘ton yodgorligida o‘choqli karkas konstruksiyali yarim yerto‘la turar-joylar aniqlandi;
  • birinchi bor butun Baqtriya hududida bronza davriga oid sopol pishirish o‘choqlari topildi;
  • birinchi bor Jarqo‘ton -3 yodgorligida qadimgi Baqtriya ilk temir davrining dafn etish marosimlarining bir qancha turlari qayd etildi;
  • birinchi bor Baqtriyada temirdan yasalgan aylana shakldagi buyum, antropomorf tasvirli sopol muhr, qo‘y tasviri tushirilgan bronza surmadon topildi;
  • Keyingi yillarda O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasining asosiy e’tibori uzoq yillik arxeolgik tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan topilmalarni tahlil qilish, monografiya tayyorlashga qaratilgan.

“Buxoro voxasining o‘zlashtirilishi, moddiy madaniyati va urbanizatsiya jarayonlari antik va o‘rta asrlarda”– loyiha (Fransiya) Luvr muzeyi bilan hamkorlikda olib boriladi. Arxeologik tadqiqotlar 2010 yilda boshlanib, xalqaro ekspeditsiyaning e’tibori Buxoro voxasining yirik shahar markazlari-Poykend va Romitonga qaratilgan. Loyixa raxbarlari-J.K.Mirzaaxmedov, Rokko Rante. Arxeologik qazishmalar natijasida Poykend shahri, Shahriston qismida kechgan xayot tarzi, moddiy madaniyati va arxitekturasiga oid qiziqarli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Xom g‘ishtdan tayyorlangan dastlabki monumental arxitektura namunalariga Markaziy Osiyoda o‘ziga xos bo‘lgan karvonsaroylar misol bo‘lib, ular Buyuk ipak yo‘lining gullab-yashnashini va ushbu yo‘lda joylashgan “savdogarlar shahri”-Poykendning o‘rnini ko‘rsatib beradi.

“Zarafshon vodiysi arxeologik yodgorliklarini kompleks o‘rganish”-Bolonya Universiteti (Italiya) bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Arxeologik izlanishlar 2000 yilda boshlanib tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishi Samarqand Sug‘didagi ilk agro-irrigatsion hududlarni aniqlash, tarixiy topografiyasini o‘rganish va urbanizatsion jarayonlarning dinamikasini ko‘rsatishdan iborat. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Zarafshon vohasida 1000 ga yaqin yodgorliklar aniqlanib, ulardan 540 tasi o‘rganilgan.

“Markaziy Sug‘dning dehqon va chorvadorlar aloqa zonalaridagi yodgorliklarni o‘rganish”-Napoli Universiteti bilan hamkorlikda olib boriladi. Arxeologik tadqiqotlar 2013 yilda boshlanib, asosiy izlanishlar yo‘nalishi ziroatkorlar va chorvadorlarning aloqa hududlarida joylashgan yodgorliklarni o‘rganishga qaratilgan. Shuningdek Samarqand viloyati Pastdarg‘om viloyati, Chandir qishlog‘ida joylashgan Qo‘ytepa yodgorligini o‘rganish maqsad qilingan. Loyiha rahbarlari M.Pardayev, Jenito Bruno. Arxeologik izlanishlar natijasi Darg‘om bo‘yida antik davrda chorvadorlar va ziroatkorlarning o‘zaro aloqalarini kuzatish imkonini beradi. Qo‘ytepa shahri antik davrda ziroatkorlarni ko‘chmanchilar hujumlaridan himoya qiluvchi mustahkamlangan chegara punkti bo‘lganligini aniqlash.

“Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Sibirda o‘rta paleolit davri muammolari”-RFA Arxeologiya va etnografiya instituti (Novosibirsk sh.) bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Toshkent viloyatida joylashgan Ko‘lbuloq manzilgohi va Obiraxmat g‘orini o‘rganishga qaratilgan arxeologik izlanishlar 1998 yilda boshlangan. Loyiha rahbarlari-S.R. Baratov, A.P. Derevyanko.

“Antik va o‘rta asrlarda Buxoro Sug‘dining shaharsozlik madaniyati”-Davlat Ermitaj Muzeyi (Sankt-Peterburg) bilan hamkorlikda. Hamkorlikdagi ishlar 1981 yilda boshlangan. Ekspeditsiya faoliyati Buxoro Sug‘dining yirik shahar markazi-yozma manbalarda “savdogarlar shahri”, “mis shahar” nomlari bilan yaxshi ma’lum bo‘lgan Poykendni o‘rganishga qaratilgan. Loyiha rahbarlari J.K.Mirzaaxmedov, A.V.Omelchenko.

Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida Poykend yodgorligining Arki, Shahristoni va Rabodining katta qismi ochilgan. Shaharning mudofaa tizimi, turar-joy kvartallari, rabat-karvonsaroylari aniqlangan. Poykend o‘rta asrlar arxeologiyasi bo‘yicha noyob etalon yodgorlikka aylanib, yodgorlik hududida qazishma ishlarida aniqlangan topilmalar saqlanuvchi Muzey yaratilgan.

“Markaziy Osiyo madaniyati rivojlanish bosqichlari va tarixi”-Tezukayama va Kioto Universitetlari (Yaponiya) bilan hamkorlikda. Izlanishlar 2006 yilda boshlanib, Samarqand Sug‘dining muhim shaharsizlik markazlari bo‘lmish-Qalai Dabusiya va Kofirqal’ani o‘rganishga qaratilgan. Loyiha rahbarlari-A.E.Berdimuradov, Uno Takao. Arxeologik izlanishlar natijasida Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan Dabusiya yodgorligi o‘rganilib, qadim shahar tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Arkda, Shahriston va Rabodda olib borilgan izlanishlar yakunida shahar antik va o‘rta asrlarda Sug‘dning yirik madaniy va iqtisodiy markazi bo‘lganligini ko‘rsatdi. 2006-2012 yillardagi tadqiqotlar natijalari hamkorlikdagi monografiyada umumlashtirilgan: “Qala-i-Dabusiya-Buyuk ipak yo‘lidagi Sug‘d shahri. Markaziy Osiyoning shahar markazlaridagi ilmiy tadqiqotlar.” Kioto-2013. 2014 yildan arxeologik izlanishlar Samarqand hukmdorlari “ixshidlar”ning rezidensiyasi bo‘lmish, Samarqand yaqinidagi Kofirqal’a yodgorligida davom ettirildi. Izlanishlarning asosiy maqsadi yodgorlik va uning atrofini o‘rganish shuningdek Markaziy Zarafshonning antik va o‘rta asrlardagi irrigatsion sistemalarini tadqiqotida, yodgorliklarni xaritalashtirish, geofizik izlanishlar olib borishlar.

“Toshbuloq (Jizzax viloyati, Baxmal tumani) qadimiy yodgorligi va u bilan bog‘liq bo‘lgan Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlardagi qadimiy yodgorliklarda arxeologik izlanishlar”-Sent–Lyuis Vashington Universiteti (AQSH) antropologiya Departamenti bilan hamkorlikda. Tadqiqotlar 2015 yilda boshlangan. Ekspeditsiyaning izlanishlari Toshbuloq (Jizzax viloyati, Baxmal tumani) yodgorligi va uning atrofini o‘rganishga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyatida joylashgan Pomir tog‘ tizmasi Molguzar qirlaridagi yashagan tog‘ chorvador qabilalarining madaniyati, atrof muhit bilan munosabatlari, ekologiyasi, xronologiyasini o‘rganishdir. Loyiha rahbarlari-F.Maqsudov, M.Frachetti.

Dala tadqiqotlarining asosiy natijalari:

  • -Toshbuloq qadimiy shahrining qurilishlarini Ground Penetrating Radar – GPR yordamida geofizik xaritasi tasvirini yaratish yakunlangan;
  • -Toshbuloq shahar manzilgohini paydo bo‘lishi, o‘zlashtirilishi va tashlab ketilishiga hamda atrof-muhit bilan aloqalariga oid masalalar yechimi tugallandi;
  • -Yodgorlikning xronologiyasi, arxitekturasi, dafn etish marosimlari, iqtisodi, ishlab chiqaruvchi sanoati oydinlashtirildi;

“O‘zbekiston hududidagi qadimiy va o‘rta asrlarga oid voha devorlari (Kampirdevor)”-Nyu-York Universiteti (AQSH) “Qadimgi dunyoni o‘rganish Instituti” bilan hamkorlikda tadqiqotlar 2011 yida boshlangan. Izlanishlarning asosiy maqsadi mudofaa inshoatlarining tuzilishini, qurilish bosqichlarini va Dunyoning yetti mo‘jizalaridan biri bo‘lmish Buyuk Xitoy devoriga o‘xshash bo‘lgan Buxoro vohasining ushbu devori kimga qarshi qurilganligini aniqlashdan iborat. Loyiha rahbarlari-J.K.Mirzaaxmedov, Soren Stark. O‘zbekiston-Amerika tadqiqotchilarining zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holdagi hamkorlikdagi izlanishlari natijasida devorning Buxoro vohasining qismlaridagi qoldiqlari ochildi. Devor ikki bosqichda: V asr va VIII asr oxiri-IX asr boshlarida qurilganligi va qaysi ko‘chmanchi xalqlarga qarshi qurilganligi aniqlandi. Mudofaa inshooti devori, qal’a, minoralar, darvozalar qurilish tartibi o‘rganildi.

“Tyan Shan tog‘ tizmasining g‘arbiy tarmoqlaridagi arxeologik tadqiqotlar”-XXR Shimoliy-g‘arbiy Universiteti bilan hamkorlikda. Tadqiqotlar 2014 yilda boshlangan. Ekspeditsiyaning izlanishlari O‘zbekiston respublikasining Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hududlaridagi ko‘chmanchilar yodgorliklarini o‘rganishga qaratilgan. Loyiha rahbarlari-A.E.Berdimuradov, Vang Szyan Sin.

2014-2015 yillarda Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyati hududlaridagi ko‘chmanchilarning qabristonlari joylashgan yodgorliklar monitoringi olib borildi. Bir qancha oldin ma’lum bo‘lmagan qabristonlar-Zinak (Samarqand), Qaynar (Qashqadaryo), To‘da (Surxondaryo) aniqlangan. Antik davrga oid Sazagan qabristonlari guruhi kompleks o‘rganilmoqda. O‘zbekiston-Xitoy ekspeditsiyasi tomonidan zamonaviy ilmiy texnologiyalar asosida mozor-qo‘rg‘onlarning o‘rganilishi O‘zbekistonning xalqlarining qadimgi davrdagi madaniyati, iqtisodi va etnik genezisi haqidagi bilimlarni to‘ldirib bormoqda.

“Markaziy Osiyoning shimoliy-sharqiy hududlari qadim va ilk o‘rta asrlarda: qadimgi Sharq sivilizatsiyasi va madaniyatining o‘zaro ta’sirlari”-XXR Pekin Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda. Izlanishlar 2012 yilda boshlangan. Ekspeditsiyaning tadqiqotlari Farg‘ona vohasining qadimiy shahar markazlaridan biri bo‘lgan-Mingtepaga yo‘naltirilgan. Loyiha rahbarlari B.X.Matbabayev, Ju Yanshi. 2012-2015 yillarda arxeologik izlanishlar qadim shaharning 16 ta nuqtasida olib borilib, qadimgi shaxarning mudofaa tizimi tuzilishi, stratigrafiyasiga oid ma’lumotlar olindi. Xususan, Mingtepaning mudofaa tizimlari haqida yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Andijon viloyatida Mingtepa yodgorligining arxeologik o‘rganilishi Qadimgi Farg‘ona davlati Dovon shaharsoziga tarixiga oid yangi ma’lumotlar bergan.

 


×