O'zR Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining o'quv-amaliy kurslari.

O'zR FA Milliy arxeologiya markazida 2021-yil boshidan ilmiy xodimlar va yosh olimlar, jumladan, Oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari, muzey xodimlari hamda markaz mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan qator ilmiy-amaliy kurslar boshlandi. 18-yanvardan -18-martigacha tosh asri arxeologiyasi muammolariga bag'ishlangan ilmiy-amaliy kurslar bo'lib o'tgan bo'lsa, 15-martdan 15-aprelgacha kurslar mavzusi "Arxeologik qazishmalar vaqtida kameral sharoitda sopol buyumlarni o'rganish. Sopol mahsulotlarining tavsifi. Sopol buyumlarni chizish" bo'lib, unda arxeologik tadqiqotlar davomida topilgan sopol buyumlarni qayta ishlash va laboratoriya sharoitida o'rganishdir. Ilmiy kurslarni Milliy arxeologiya markazining etakchi mutaxassislari olib borishmoqda.

2021-yil 2-apreldan boshlab "Arxeologik qazishmalar vaqtida kameral sharoitda sopol buyumlarni o'rganish. Sopol mahsulotlarining tavsifi. Sopol buyumlarni chizish" kursining ilmiy-amaliy qismi boshlandi. Unda markazning ilmiy xodimlari, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va laborantlar, shuningdek, oliy o'quv yurtlarining talabalari, o'qituvchilari va muzey xodimlari ishtirok etishmoqda. Ular qazishmalarda topilgan spool buyumlarni dastlabki tozalash, tavsiflash, chizish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida vizual qayta tiklash kabi bilimlarni o'zlashtiradilar. O'quv amaliy kurslar ham nazariy, ham amaliy jihatdan yosh tadqiqotchilar uchun zarur mahorat bo'lib xizmat qiladi.

Keyingi oylarda Milliy arxeologiya markazining ilmiy-amaliy o'quv kurslari davom etib, arxeologiyada GIS texnologiyalari va 3D modellashtirish kabi mavzularni qamrab oladi.

 


×