Shu kunlarda tarixiy majmuada maxsus loyihaning birinchi bosqichi doirasida arxeologlar tomonidan o‘rganilib, ochib qo‘yilgan to‘rtta obektda ochiq osmon ostidagi muzeylar qurilishi boshlandi.
Keyingi bosqichda sayyohlar uchun infratuzilma obektlarini - katta istirohatgoh, hunarmandlar markazi va karvonsaroy hamda boshqa inshootlarni barpo etish maqsad qilingan. Rejaga ko‘ra, qadimgi Axsikent va Axsi qishlog‘ini daryo yoqalab bog‘lab, yaxlit yirik sayyohlik majmuasini barpo etiladi.
Axsikent eradan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yerosti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan. Shahar Ark, ichki va tashqi shaharlardan iborat bo‘lib, bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari yaxshi rivojlangan.
Bugungi kunda Axsikentning 100 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome masjidi, mudofaa devorlari, yerosti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.