Soʼngak qabristonidan qanday arxeologik topilmalar aniqlandi?

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Chorvoq suv ombori janubi-sharqiy qismida joylashgan So‘ngak qabristonidan zodagonlar oilasiga tegishli bo‘lgan yangi arxeologik topilma aniqlangan. Xo‘sh, topilmalar nimalardan iborat?

 

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi Rahmonali Murodaliev bilan suhbatda bo‘ldi.

— So‘ngak qabristonidan aniqlangan topilma haqida ma’lumot bersangiz?

— So‘ngak qabristoni VI-VIII asrlarga oid bo‘lib, uni Turk xoqonligi davrida hozirgi Toshkent viloyatining (qadimgi Choch) tog‘li hududlarida chorvachilik bilan shug‘ullangan ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi jamoalar qoldirgan, ya’ni ular o‘z jamoadoshlarini ko‘mgan qadimgi qabriston sanaladi. 2019 yilda o‘rganilishi boshlangan ushbu yodgorlikdan VI-VIII asrlarga oid sopol, suyak va toshdan ishlangan buyumlar va ko‘plab temir buyumlar aniqlangan. Temir buyumlar orasida ot anjomlarining aniqlanishi, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

2021 yilda qabristonda ilmiy izlanishlarimizni davom ettirib, ko‘plab qabrlar ochib o‘rganildi. Ayni shu izlanishlar davomida ayrim qabrlardagi inson jasadlari bosh chanog‘ining shakli boshqacha ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tekshirishlar natijasida ularning halqasimon sun’iy deformatsiya qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

— Inson bosh chanog‘ining sun’iy deformatsiyalashdan kimlar, qanday maqsadlarda foydalanishgan?

— Jahon xalqlari tarixiga nazar tashlansa, bosh chanog‘ini sun’iy deformatsiyalash yer sharidagi barcha qit’alarda (Antarktidadan tashqari) tarqalgan. Turli vaqtlarda turli xalqlar tomonidan yosh bolalarning boshiga turli bog‘ichlar bog‘lab, uning shakli o‘zgartirib borilgan. Bu an’ana o‘tgan asrning o‘rtalarigacha Afrikadagi Mangbetu qabilasida saqlangan.

Markaziy Osiyo hududida yashagan qadimgi xalqlar bronza davridan boshlab bu amaliyotni qo‘llab kelishgan. Bosh chanoqni sun’iy deformatsiyalashning asosiy sabablaridan biri jamoa a’zolarini yoki qabiladoshlarini boshqalardan farqlashdir, deyiladi.

Shuningdek, eramiz boshlarida o‘zining jangovarligi bilan tanilgan Alan qabilalarida ham bosh chanoqni sun’iy deformatsiyalash amaliyoti keng qo‘llanilgan.  Taxminlarga ko‘ra, ularning jangovarligi omili sifatida ushbu amaliyotning qo‘llanilishi ko‘rsatilgan. Paleopatologik tadqiqotlarga ko‘ra, sun’iy deformatsiya inson tanasida anatomik jihatdan nuqsonli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmasa-da, psixologik jihatdan ta’sir qilib, «agressiv»lik oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa bosqinchilik yurishlarida zarur omillardan biridir.

— Bosh chanog‘ini sun’iy deformatsiyalashni kimlar amalga oshirgan deb o‘ylaysiz, tabiblarmi yoki maxsus mutaxassislar?

— Yozma manbalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Al-Beruniy X–XI asrlarda Xorazm va Farg‘ona aholisi orasida bosh shaklini o‘zgartirish odati haqida gapirib o‘tgan. Shuningdek, o‘rta asr arab sayohatchilari ham sun’iy deformatsiya haqida guvohlik berishgan. Shamsuddin al-Muqaddasiy X-XII-XIII asrlarda Yoqut Hamaviy «Mu’jam al-buldon» asarida bu odat Xorazmda mavjud bo‘lganligini qayd etgan. Al-Muqaddasiy xorazmliklardan «Nima uchun sizning boshlaringiz boshqa odamlarning boshidan farq qiladi?» deb so‘raganida, mahalliy aholidan bo‘lgan kishi «Qadimgi odamlarimiz uchta narsani qilishdi. Ular boshqa mamlakatlar aholisini mag‘lub etishdi. Turklar ustiga yurish qilib, asirga olishdi. Shuning uchun ham turklar bilan o‘xshashliklarimiz mavjud. Ba’zan ular (qadimgi xorazmliklar) musulmonlarning qo‘liga tushdi va qullikka sotib yuborildi. Keyin ular ayollarga tug‘ilgan bolalarning boshiga ikki tomondan qum qoplarini bog‘lab qo‘yishlarini aytishdi, shunda ularning boshi kengayadi, shundan keyin ular qul bo‘lmaydilar», deb javob beradi. Ushbu ma’lumotlardan kelib chiqib, aytish mumkinki, bosh chanoqni sun’iy deformatsiyalash chaqaloqlarda hali bosh suyagi yaxshi qotmagan paytdan boshlab onalari yoki buvilari tomonidan amalga oshirib borilgan. Ya’ni, bu yillar davomida avloddan-avlodga o‘tib, saqlanib qolgan udum bo‘lishi mumkin.

— Nima uchun bu usul ko‘proq zodagonlarning oila a’zolariga qo‘llanilgan?

— Sun’iy deformatsiyalashning ko‘proq zodagonlar oila a’zolariga qo‘llanilganligi to‘liq isbotini topganicha yo‘q. Boshni sun’iy deformatsiyalash nafaqat zodagonlar, balki oddiy aholida ham uchragan. Kushonlarda yoki Eftaliy hukmdor oila vakillarida sun’iy deformatsiyaning uchrashi, albatta, zodagonlar oilasida bu amaliyot bo‘lganligini tasdiqlaydi. Lekin, ularda ko‘proq kuzatiladi, deyishga to‘liq asos yo‘q.

— Ushbu arxeologik o‘rganishlar natijasida yana qanday ma’lumotlarga duch keldingiz?

— Toshkent vohasida eramiz boshlarida bo‘lgan Yangiyo‘l, Vrevskaya, Kavardon, Angren kabi qadimgi qabristonlarda aniqlangan bosh chanog‘ining sun’iy deformatsiyasini Turk xoqonligi davriga oid So‘ngak qabristonida aniqlangan topilmalarda ham kuzatish mumkin.

Shuningdek, So‘ngak yodgorligidan aniqlangan ko‘plab arxeologik topilmalar (uy-ro‘zg‘or buyumlari, ot anjomlari va boshqalar) Turk xoqonligi davrida Toshkent vohasining tog‘li tegralarida yashagan ko‘chmanchi chorvador aholining turmush tarzi, xo‘jaligi va ko‘mish udumlari borasida muhim tarixiy xulosalar chiqarishga imkon beradi.

— Arxeologik topilmalarni o‘rganish nihoyasiga yetkazildimi?

— So‘ngak qabristonini ilmiy tadqiq qilish ishlari hali nihoyasiga yetgani yo‘q.  Keyingi yillarda ushbu yodgorlikda yanada kengroq ilmiy izlanishlar olib borish rejalashtirilgan. Shuningdek, bosh chanog‘ining sun’iy deformatsiya qilinishi borasida ilmiy munozaralar hali o‘z yechimini topmagani kabi ilmiy izlanishlar ham davom ettiriladi.


×