Surxondaryoning Xatak g'orida yana bir neandertal odam makoni aniqlandi

Surxondaryoning Xatak g'orida yana bir neandertal odam makoni aniqlandi. Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qo'riqxonasi, Xatak bo'limi, Bog'li dara massivida arxeologlar tomonidan mil.avv. 100-40 ming yillikka oid neantertal odam makoni topilib, joriy yilning iyun oyidan keng ko'lamli qazishma ishlari boshlab yuborilgan edi.

Qazishma davomida vertikal qoyaning yuzasida 15-20 m balandlikda hosil bo'lgan va kirish juda qiyin bo'lgan ushbu g'orda tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari bilan birga 100-60 ming yil oldin yashagan neandertal odam hayotining to'liq va buzilmagan manzarasi (kul, dumaloq o'choq qoldiqlari) saqlanib qolganligi aniqlandi.

G'orning fan uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Surxondaryo viloyatining nafaqat tog'li Boysun tumani, balki Sherobod tumani ham ilk insonlar makoni sifatida o'z isbotini topdi.

O'zR FA Milliy arxeologiya markazi hamda Avstraliyaning Griffet universiteti xodimlari tomonidan qazishma ishlari davom ettirilmoqda.


×