GʻELON QOYATOSH RASMLARI

Shu yilning yoz fasli oxirlarida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markaziga Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumani togʻli Gʻelon qishlogʻida yashovchi fuqaro R. Qurbonov va A. Xomidovlar tomonidan mazkur hududlarda qoyatosh suratlari mavjudligi haqida maʼlumot kelib tushdi. Ushbu maʼlumotlarga tayanib Milliy arxeologiya markazi tayanch doktoranti X. G. Oynazarov va Oʻzbekiston Milliy unversiteti, arxeologiya yoʻnalishi talabasi J. Gʻ. Raximovlar avgust-sentabr oylarida hududga borib, qoyatosh rasmlarini borligini qayd etishdi. 
 

Gʻelon qishlogʻi Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumanida, Hisor togʻ tizmasi shimoli qismida Oʻzbekistonning eng baland togʻ choʻqqisi Hazrati Sulton togʻining shimoli- sharqiy qismida joylashgan. Qoyatosh suratlari Gʻelon qishlogʻidan shimoli-sharqda 3-4 km uzoqlikdagi Kunkurmassoyda aniqlandi. Ushbu qoyatosh rasmlar dengiz sathidan 2500-3000 m balandlikda joylashgan. Rasmlar silliq, sathi tekis qoyatoshlar yuzasida, tosh, jez, temir, poʻlat yoki boshqa xildagi qattiq buyumlar yordamida urib-choʻkichlash yordamida qadimgi rassomlar tomonidan mohirlik bilan chizilgan. Dastlabki kuzatishlar natijasida jami 23 ta qoyatoshda 300 tadan ortiq obraz aniqlandi. Ularning koordinatalari qayd etildi.

Bu rasmlarda odamlar, hayvonlar, oʻq yoylar, turli xil geometrik belgilar aks etgan (1, 2, 3-rasmlar). Tadqiqotlar natijasida qoyatosh rasmlarida koʻproq togʻ echkilari aks ettirilgani aniqlangan. 
Gʻelon qoyatosh rasmlari orasida labirint shakldagi tasvir ham mavjud. Ushbu labirint shakldagi tasvir 7 ta halqadan tashkil topgan boʻlib, u Oʻzbekiston hududida kamdan–kam uchraydi (4-rasm). Shuningdek, qoyatosh rasmlar orasida arava tasviri ham aks etgan. U yakka, ikki gʻildirakli holatda tasvirlangan (5-rasm). Aravalar tasviri qoyatosh rasmlarida bronza davridan boshlab chizila boshlagan va Markaziy Osiyo qoyatosh rasmlarida ikki gʻildirakli aravalar koʻproq uchraydi.
Ushbu qoyatosh suratlari Markaziy Osiyoning ibtidoiy davr sanʼati tarixini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

 


×