Kumushkondan 2-6 asrlarga oid qabr topildi

Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Kumushkon” MFY da yashovchi Bahtiyor Eralievich Jo‘lanovga tegishli 23-xonadonning ro‘parasida, Birdamlik ko‘chasidagi yo‘l chetida ichimlik suvi o‘tadigan polietilen turbalarni yer ostiga ko‘mish uchun yer qazilganda, yerning ustki sathidan 50 sm paslikdan o‘tov shaklidagi bo‘shliq ochilib qolgan. Bo‘shliqdan to‘qqiz dona sopol idishlar topilgan.
“Kumushkon” MFY faollaridan biri – Ilyos Xotamov bu haqidagi xabarni O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi xodimlariga yetkazdi va uni o‘rganib berishni iltimos qildi. Arxeologlar tomonidan yuqorda manzili ko‘rsatilgan joy tekshirilganda balandligi —1.5 – 1.6 m, diametri 1.8 – 1.9 m, ichki shifti gumbaz shaklida bo‘shgan yer osti qurilmasi qadimiy qabr-qo‘rg‘oni bo‘lganligi aniqlandi. Qabrdan olingan sopol idishlar marhumlarni dafn etish chog‘ida qabrning chetlariga qo‘yib chiqilgan bo‘lgan. Ularning barchasi qo‘lda, ya’ni kulolchilik charxi yordamisiz yasalgan. Idishlarning ustiga qizg‘ish rangdagi suyuq angob (bo‘yoq) surtilgan. Ularni yasashda loyiga mayda qum-toshlar, maydalangan ohaktoshlar aralashtirilgan. Bu topilgan idishlarning uch donasi bir baldog‘li ko‘za, bir donasi ikki baldog‘li tuvak, ikki donasi bir bog‘dog‘li qadah-kurujka, ikki donasi kasa va bir donasi piyolalar bo‘lib, aftidan ular suyuqlik qo‘yib qabrga qo‘yilgan bo‘lgan. Afsuski, suyuqliklar uzoq yillar davomida parlanib yo‘q bo‘lib ketgan. Faqatgina ko‘zalardan birida sut qaymog‘ining kukun shaklidagi qoldiqlari saqlangan. Bu ushbu idishga sut mahsuloti solinganligini ko‘rsatmoqda.
O‘rganilgan qabr va undan topilgan sopol idishlar Toshkent vohasida keng o‘rganilgan Qovunchi madaniyati (miloddan oldingi 2 – milodiy 6 asrning birinchi yarmi) materiallariga aynan o‘xshash. Ayniqsa, sopol idishlarning yasalishi, tuzilishi va pardozlanishiga ko‘ra Qovunchi madaniyatining ikkinchi (2 – 4 asrlar) va uchinchi (5 – 6-asring birinchi yarmi) bosqichidagi idishlarga yaqin o‘xshashlikda. Shularga asoslanib yangi, tasodifan topilgan qabrni va undagi topilmalarni 2 – 6-asrlarga tegishliligini taxmin qilish mumkin.

O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimlari:
Dilmurod Normurodov,
Begzod Isobekov


×