Muzbel yodgorligi

2022 yilning 1-31-avgust kunlari Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi “Landshaft arxeologiyasi bo’limi” xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Ohangaron tumanida arxeologik ekspeditsiya dala-qidiruv ishlarini olib borildi. Tadqiqot ishlari Yangiobodsoy va Qorabogʼsoy yuqori oqimi, dengiz sathidan 3050 m balandlikdagi Muzbel darasida paleolit davri qatlamlarini tadqiq etish maqsadida tashkil etildi.

Ekspeditsiya davomida oʼrta paleolit davriga tegishli Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasida qazuv ishlari davom ettirilib, mazkur yodgorlikning Oʼzbekiston paleolit davrini oʼrganishdagi ahamiyatini alohida taʼkidlab oʼtish mumkin. Tadqiqot davomida 2x1m hamda hamda 6 metr o’lchamdagi handaq (transheya)lar qazilob o’rganildi. Olib borilgan qazish ishlari natijasida to’rtta litologik qatlamning uchinchi qatlami madaniy qatlam hisoblanib, 0,30-0,35 m qalinlikda och tusli ohaktosh parchalari, sochilgan granit va oraliq gilli o’ta zich qatlamdir. Muzbel manzilgoh-ustaxonasining kolleksiyasi mayda tosh buyumlarni qo’shib hisoblaganda 200 ga yaqin artefaktdan iborat bo’lib, yagona industriyani tashkil etadi. Kolleksiya tarkibida nukleuslar va nukleussimon buyumlar soni o’ndan ortiq bo’lib, ulardan texnik-tipologik xususiyatlari yaqqol namoyon bo’lgan nukleuslar juda kam. Topilmalar orasida qurollar miqdori son jihatdan kamchilikni tashkil etadi.  Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasidan topib oʼrganilgan tosh artefaktlar tahlili yodgorlikni Obirahmat madaniyatiga oid yodgorliklar guruhiga mansubligi borasida dastlabki taxminlarni ilgari surish imkonini bermoqda. Bugungi kunda nafaqat Oʼzbekiston, balki butun Oʼrta Osiyo paleoliti uchun mavjud muammolardan biri bu ochiq turdagi yodgorliklarda madaniy qatlamning buzilmagan holda saqlanishi muammosidir. Muzbel 1 yodgorligi madaniy qatlamlari sathidagi artefaktlarning yotish holati va uzaro bir-biri bilan bogʼliqlik hosil qilishi esa madaniy qatlamlarning yaxshi saqlanganligini koʼrsatmoqda.

Yodgorlik o’zining joylashgan o’rni bilan farq qiladi. Yodgorlik baland tog’ mintaqasida joylashgan bo’lib, mintaqah ekologiyasi va tabiiy muhiti o’ziga xos xususiyatga ega. Ushbu holat qadimgi jamoalar tomonidan ekologik mintaqalarni o’zlashtirish va tabiiy muhitga adaptatsiyasi jarayonlarini yaxshiroq o’rganish imkonini yaratadi. Shuningdek, alohida ekologik mintaqada joylashganligi va mavsumiylik xususiyati qadimgi jamoalarning mavsumiy turmush tarsi hamda mobilligi masalalari haqida ma’lumotlar olishda ancha qo’l keladi. Shuningdek, yodgorlikning Ko’lbuloq, Obiraxmat kabi bir qator muhim yodgorliklarni bir-biriga bog’lovchi muhim nuqtada joylashganligi qadimgi ijtimoiy-madaniy aloqalar haqida xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ushbu omillar Muzbel yodgorligini kelajakda tadqiq etish zarur bo’lgan istiqbolli yodgorliklar qatoriga qo’shish mumkinligini ko’rsatmoqda.


×