Keyingi ikki yilda Respublikamizda olamshumul bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan, madaniyat va sanaʼtda katta yutuqlar qoʻlga kiritildi. Jumladan, Oʻzbekiston arxeologiyasida ham dunyo ahamiyatiga molik kashfiyotlar qilindi. Shunday kashfiyotlardan biri, Samarqand viloyatida joylashgan ilk oʻrta asrlarga oid Kofirqalʼa yodgorligida amalga oshirildi. Kofirqalʼa Dargʻom oldi dashtining muhim arxeologik yodgorliklaridan biridir. Bu koʻhna shahar qadimiy Dargʻom kanalining chap sohilida, Samarqanddan 18 kilometr janubda joylashgan. Kofirqalʼa mustahkam mudoofa devorlari bilan oʻralgan shahar boʻlib, u uch qism: yaʼni ark, shahriston va raboddan iborat. YodgorlikDargʻom oldi dashti boʻylab Qashqadaryodan Samarqandga oʻtadigan savdo yoʻlini nazorat qilib turgan. Shaharning umumiy maydoni 16 gektar. Kvadrat shakldagi,oʻlchami 76x76 metr va balandligi 25 metr boʻlgan Ark shaharning mustahkam qismi hisoblanadi. Uning atrofiga handak qazilgan boʻlib, undan nariroqda yana bir mudoofa istehkomi barpo etilgan. Shahriston tarxiga koʻra, tomonlari 360 metrdan boʻlgan toʻrtburchak shaklga yaqin. Rabodning koʻp qismi hozirda ekin maydoniga aylantirilganligi tufayli uning aniq shaklini aniqlash qiyin.Kofirqalʼadagi arxeologik tadqiqotlar asosan 2000 yilda boshlangan boʻlib, qazishmalarArk ichida olib borilyapti. Bu yerda tabiiy tepalik ustiga bunyod etilgan, qalin paxsa devor bilan qurshalgan muhtasham inshoot ochildi. Ichkari tomonda qoʻrgʻon perimetri boʻylab ikki qavatli merganlar uchun moʻljallangan shinakli istehkom boʻlgan, janub tomonining markazida osma koʻprikli yagona kirish yoʻlagi barpo etilgan. Kiraverishga ikki qavat darvoza oʻrnatilgan boʻlib, tashqi tomoni maxsus minora bilan mudofaalangan. Shimoliy qismida qandaydir xonalar boʻlgan, Arkning janubiy qismini katta hovli egallagan.

Olib borilgan qazishmalar vaqtida bu yerda qadimda aholining yashashi, qurilish va xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq bir qancha madaniy qatlamlar mavjudligi aniqlandi.
Yodgorlikning navbatdagi qurilish davri VIII asrning ikkinchi yarmiga oid. Bu yerdan topilgan abbosiylarning hijriy 135 yilga (milodiy 753 yil) oid oltin tangasi qatlamning quyi davrini belgilaydi. Bu esa Arkda Abu Muslim davrida aynan taʼmirlash ishlari olib borilganligini bildiradi. Yodgorlikning yuqori qatlamlarida qirgʻin – barot janglar va yongʻin izlari koʻzga tashlanadi. Binobarin, chamasi ana shu qurilish davridagi inshootlar IX asr boshlarida halokatga uchragan. Abbosiylarning milodiy 806 yilga oid topilgan 131 ta kumush tangalari shundan dalolat beradi. Balki, bu xazina tahlikali vaziyat tufayli yashirilgandir. 806 yilda Sugʻdda, keyin butun Markaziy Osiyoda xalifalikka qarshi qoʻzgʻolon koʻtarildi. Ushbu qoʻzgʻolonga keng xalq ommasining abbosiy hukmdorlarning olib borayotgan siyosatidan, shu jumladan, soliq siyosatidan noroziliklaridan foydalangan isyonchi arab lashkarboshisi Rafi ibn Lays rahbarlik qildi. U Samarqandni zabt etdi va shu yerdan turib qoʻzgʻolonni boshqardi. Xuroson va Movarounnahrning hukmdori al–Maʼmun qoʻzgʻolonchilarga qarshi qator keskin choralar koʻrdi, biroq 810 yildagina qoʻzgʻolonni bostirishga muvaffiq boʻldi. Chamasi Kofirqalʼa aholisi qoʻzgʻolonchilarni qoʻllab–quvvatlagan, biroq qoʻzgʻolon, shunga qaramay tor–mor etilib, ishtirokchilarni ayovsiz jazolangan. Ana shu voqealardan keyin Ark qarovsiz holda qolib ketdi. Birmuncha vaqt oʻtgach bu yerda yana aholi paydo boʻla boshladi, lekin endi yirik qurilishlar qilinmadi.
VII asr oxiri – VIII asrning birinchi yarmiga oid navbatdagi qatlam ancha muhimdir.Bu davrda Kofirqalʼa Arki orasi gumbazsimon yoʻlakli devor bilan oʻralgan saroy – ayvon tarzida oʻta mustahkamlangan monumental inshootga aylangan. Uning shimoliy qismida binolar joylashgan, oʻrtasi – hovli, devor boʻylab esa supali ayvon qurilgan. Ustunlardan kvadrat va aylana chuqurlarda yogʻoch qoldiqlari saqlanib qolgan. Darvoqe, yogʻoch qoldiqlariga koʻra, ustunlarning tagkursisi yaxlit ishlanmay, koʻndalang arralangan daraxtlar tanasidan yasalgan. Kofirqalʼa 712-738 yillar oraligʻida yondirib yuborilgan. Bu yerda topilgan Samarqand ixshidi Turgarning ikkita mis tangasi shundan dalolat beradi.
Topilmalar orasida erkak va ayol tasviri tushirilgan idishlar eʼtiborni tortadi. Ulardan ayrimlarining sirtiga slyuda purkalgan boʻlib, goʻyoki metall bilan qoplagandek yaltiraydi. Ehtimol, unda ilohiy juftlik aks ettirilgan boʻlib, yuqoriga choʻzilib borayotgan ikkita shoxchali tillaqoshdagi erkak ayolning yelkasidan quchib turibdi. Idishlarning sirtiga esakoʻknor koʻsagi tasviri tushirilgan.
Chala yongan yogʻoch toʻsin va taxtalar oʻymakor bezaklarga boy ekani koʻrinib turibdi. Supaning ustida chayon tasvirli qimmatbaho toshlar, bodom yaprogʻi koʻrinishidagi yupqa tilla zarqogʻozdan tayyorlangan bezak hamda koʻk shishadan ishlangan buyumlarning siniqlari yotibdi. Pastda, supa yaqinida qoʻygan gilam qoldiqlari koʻzga tashlanadi.
Yongʻin, chamasi, qandaydir fojiali, qonli hodisalar bilan kechgan boʻlishi kerak, bu yerdagi kamonning temir paykonlari va boshqa narsalar shundan dalolat beradi. Supa etagida boshsiz, odam skeleti yotibdi. Ehtimol, uning boshi yelka barobar chopib tashlangandir. Koʻhna Arkning shimoliy qismida bir necha xonalarning yuqori qismi qazib ochildi. Shuningdek, bu yerda bir necha xonalarga kirish eshiklari va yogʻochdan yasalgan ostonalar ochildi. Kuchli yongʻin va vayronalik izlari koʻzga tashlanadi. Devor yaqinida toychoqning suyaklari, ikkita ustun qoldiqlari, xonaga kiraverishdagi zinali ostona ham tozalab ochildi. Devorning polga yaqin qismida va polda moviy rangli bezak tushirilgan suvoq parchalari mavjud, biroq ular juda kuyib ketganligi uchun ulardagi tasvirlarni aniqlab boʻlmaydi.

Sopol buyumlar parchalari orasida oshxona idish – tovoqlari katta foizni tashkil etadi. Bular, asosan, metall idishlarga taqlidan ishlangan kosa, likopcha va koʻzachalardir. Kofirqala sopol buyumlarining oʻziga xos xususiyatlaridan biri, idishlar sirtiga xumdonda pishirilmasdan oldin slyuda purkashdan iborat boʻlib, slyuda sopol yuzasida metallsifat yaltiroqlik hosil qilgan. Ehtimol, buni muhtasham Arkning ulkan qabullar zaliga ega boʻlgan qarorgoh vazifasini bajarganligi bilan izoxlash mumkindir.
Yodgorlikning asosiy qismi Arkning shimolida joylashgan muhtasham qabullar va tantanalar zalidir. Uni Varaxshadagi buxorxudotlar saroyiga qiyos etish mumkin. Lekin Kofirqalʼa Arkidagi bu koshona, chamasi, bayramlarni, masalan Navroʻz va Mehrjon bayramlarini nishonlash uchun xizmat qilgan. Bunday bayramlarda hukmdorga qimmatbaho sovgʻa – salomlar inʼom etilgan. Xitoy manbalarida keltirilishicha, Samarqand Sugʻdi hukmdorining saroyida ajdodlar ruhiga bagʻishlangan ibodatxona boʻlib, bu yerda yilning oltinchi oyda ajdodlar ruhiga bagʻishlab qurbonlik qilishgan. Boshqa hukmdorlar ham Samarqand hukmdoriga qurbonlik qilishda yordamlashish uchun Samarqandga kelishgan. Kofirqalʼa Arki qazishmalarida bir dona oltin tanga topilgan. Ushbu topilmaning qadimda bu yerda ishlab turgan temir buyumlarga ishlov beradigan moʻʼjazgina hunarmandchilik ustaxonasi bilan bogʻliqligi muhim. Aniqlanishicha, bu tanga Abbosiylar sulolasining birinchi xalifasi Abu-l-Abbos as-Saffax hukmronligi davrida, hijriy 135 yili (milodiy 753 yili) zarb etilgan. Buni tangashunos A.A. Musaqayeva oʻqib, aniqlagan. Tanganing zarb etilgan yili haqida maʼlumot keltirilgan, biroq hukmdorning ism-sharifi, tanga zarb etilgan maskan nomi koʻrsatilmagan. Bu ilk musulmon olami tanga – chaqalari uchun xos boʻlgan holatdir.

Qofirqalʼadagi qazishmalar jarayonida ayvon poli ustidan 1000 tadan ortiq bullalar (bulla – muhr, hukmdor yoki amaldor muhrining loydagi nusxasi) topildi. Bullalar noyob arxeologik topilma boʻlib, ular odatda hukmdor yoki yirik amaldorlarga aloqador yodgorliklarda uchraydi. Hukmdorlar elchilik yozishmalari, xatlar va shartnomalar yoki muhim hujjatlarni muhrlab joʻnatishda bullalardan foydalanganlar.
Teri yoki qogʻozga yozilgan hujjat rulon qilib oʻralib, maʼlum joyidan teshilgan. Teshikdan ip oʻtkazilib ipning ikki uchi pishitilgan xom loyda birlashtirilgan. Soʻng loyga muhr bosilgan. Loy qurigach hujjat joʻnatilgan. Har bir bullada muayyan xos tasvir boʻlgan. Kofirqalʼadan topilgan bullalardagi tasvirlarni uch guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga odamlar tasviri, ikkinchi guruhga hayvon va qushlar tasvirlari, uchinchi guruhga tamgʻa yoki maʼlum belgilar tushirilgan. Odam boshi tasvirlangan bullalarda yozuv bitilgan boʻlib, tasvir aniq ifodalangan. Bullalarni tahlil qilgan koʻpchilik olimlarning fikricha, bu tasvirlarda hukmdor, vazir va yirik amaldorlarning qiyofalari aks ettirilgan. Ayrim bullalardagi boshiga toj kiygan hukmdorlar tasviri bu fikrni tasdiqlaydi.
Hayvon va qushlar tasvirlangan bullalarga kelsak ularning syujetlari xilma–xil boʻlib, Markaziy Osiyo hayvonot olamidagi deyarli barcha hayvonlarning tasviri uchraydi.
Kofirqalʼa bullalarida yuzma–yuz turgan kiyiklar, qamishzor toʻngʻizi, sher, ot, tuya va xoʻrozlar tasviri mahorat bilan ishlangan. Ayrim bullalarda oʻng tomonga yurayotgan qanotli ot ham tasvirlangan. Albatta, bu hayvonlarning tasvirlari bullalardan tashqari devoriy suratlar va tangalarda ham tez-tez uchraydi. Qanotli ot esa Markaziy Osiyo xalqlari tasavvurida tezkorlik, goʻzallik va yorqinlik timsolidir.
Kofirqalʼa bullalaridan birida ikki goʻdakni emizayotgan boʻri tasvirlangan. Bunday syujet Markaziy Osiyo tasviriy sanʼatida kam boʻlsa-da, avval ham uchragan. Oʻtgan asrning 60-70 yillarida qadimgi Panjikentdagi ibodatxonani qazish paytida sirtiga ikki goʻdakni emizayotgan boʻri tasviri tushirilgan oltin tanga topilgan edi. Shunga oʻxshash medalon Ohangaron daryosining chap sohilidagi Guldurma darasidan ham topilgan. Har ikkala topilma milodiy VI asrga mansub ekani aniqlangan. Ustrushona davlatining poytaxti Shahriston shaharchasidagi hukmdor saroyining devoriga ham ikki goʻdakni emizayotgan ona boʻri tasviri tushirilgan. Tadqiqotchilar uchala syujetni Rim shahrining ramzi boʻlgan “Kapitoliy ona boʻrisi” bilan bogʻlaydilar. Bu fikr Panjikent va Ohangaron vohasidan topilgan topilmalarga nisbatan toʻgʻri boʻlishi mumkin. Ammo Shahristondagi hukmdor saroyi devoriga ishlagan ona boʻri tasviriga nisbatan bu fikr toʻgʻri kelmaydi.
Negaki, tarixiy manbalarda keltirilishicha, Ustrushona hukmdorlari turkiylardan boʻlgan. Shu sababli, ularning saroylari devoriga turkiylarning totemi boʻlgan boʻri tasviri tushirilgan. Qolaversa, Ashina toʻgʻrisidagi rivoyatni Usrushona hukmdorlari yaxshi bilishgan. Kofirqalʼadagi goʻdaklarni emizayotgan ona boʻri tasvirlangan bulla ham Sugʻdning turkiy hukmdorlaridan biriga tegishliligi aniq. VI-VIII asrlarda Sugʻdning koʻpgina hukmdorlari turkiy boʻlganligi manbalardan maʼlum.
Uchinchi guruh bullalarga har xil tamgʻa va belgilar chizilgan. Ayrim tamgʻalar ilk oʻrta asrlarga mansub sugʻd tangalarida koʻplab uchraydi. Tahlillarning koʻrsatishicha, Kofirqalʼadan topilgan bullalarning koʻpchiligi milodiy VII-VIII asrlarga oid. Ammo ular orasida antik davrlarga mansublari ham uchraydi. Maʼlumki, qimmatbaho toshlardan yasalib noyob oʻzuklarga oʻrnatilgan muhrlar otadan bolaga meros boʻlib oʻtgan va u hukmdorlar uchun shaxsiy muhr vazifasini oʻtagan. Shu sababli, ayrim muhrlarga yunonchi qiyofa va yunoncha liboslardagi odamlar tasviri ham tushirilgan.
Oʻz navbatida Kofirqalʼadan qadimda, hozirgi Pokistonga joʻnatilgan xatga tirkalgan bir bulla Peshovor shahridan topilgan. Sugʻdda qimmatbaho toshlarga ishlov berish va ularning sirtiga oʻyib tasvir tushirish sanʼati nihoyatda yuksak boʻlgan. Bullalardagi tasvirlar miniatyura sanʼatining nodir namunasi boʻlib, ularning kompozitsiyasi, tasvirlar aniq, yorqin va tugallangandir.
Kofirqalʼadan topilgan bullalar koʻpgina muammolarga oydinlik kiritadi. Masalan, shu paytgacha Oʻzbekistondan topilgan muhrlar, bullalar oltin va kumush idishlarga taqlidan yasalgan sopol idishlarni ayrim mutaxassislar sosoniylarga oid, deb kelganlar. Kofirqalʼa bullalari esa bu fikrning haqiqatdan oʻzoqligini isbotlab, sugʻd sanʼati sosoniylar sanʼatidan mutlaqo qolishmasligini koʻrsatadi.
2017 yilning sentyabr oyidagi qazishmalar jarayonida olamshumul kashfiyot qilindi. Yodgorlikning shimoliy qismidagi xukumdor oʻtirishiga moʻljallangan xashamatli xonadan yogʻofch panno topildi. Chala yongan bu pannoning oʻlchamlari 141x124 sm boʻlib, pannoning sirtida sherlarustida oʻtirgan maʼbuda va maʼbudaga sovgʻa salom keltirgan 40 dan oshiq turli-tumankoʻrinish va libosdagi personajlar tasvirlari tushirilgan.
Maʼbuda tantanali, ulugʻvor tarzda oʻng qoʻlida lentali asoni, chap qoʻlida esa qandaydir buyum dastasini tutgan holda oʻtiribdi. Boshida qanotli toj, qanotlar oʻrtasida, manglayi ustida kichkina gardish bor. Bu yarusdagi qolgan barcha tavsirlar sovgʻa salomlar, koʻchma mehrob, chilim tutgan erkaklarni aks ettirgan, ular maʼbudaga yuzlanib turishibdi. Ularning bari ilk oʻrta asr Sugʻdi uchun xos kiyimlarda, belida belbogʻ, lekin kurolsiz. Oyoqlarida yumshoq etik. Uchinchi yarusda ham, donatorlar aks ettirilgan: ulardan biri qandaydir idishni tutib turibdi, ehtimol u qimmatbaho metalldan yasalgan boʻlsa kerak, boshqasining qoʻlida gulchambar, yana biri chilim ushlab turibdi, barcha personajlar ichida birgina kishining belida hanjar osigʻliq. Oʻng tomonda esa diniy marosimga joʻr boʻlayotgan sozandalar tasvirlangan.

Sozandalarning qoʻlida oʻsha davrda Sugʻdda mashxur boʻlgan barcha cholgʻu asboblari naʼmunalari (burchak shakldagi chiltor, ud, qubizcha, sibizgʻa), aks ettirilgan. Ana shu cholgʻu asboblaridan koʻpchiligi Sugʻd sozandalari bilan birga Buyuk ipak yoʻli boʻylab Xitoygacha borgan va u yerda naqadar mashhur boʻlgan va xitoycha nomlar bilan atalgan. Darvoqe, ansambil tarkibida qoʻlida kalta nay ushlagan bola tasvirlangan. Yarus markazidagi personajlardan biri qoʻlini koʻtarib gavdasini sal eggancha sozandalarga termulib turibdi. Ehtimol, u maʼbudani madh qilayotgan xonanda yoki ansambil rahbaridir. Yarusning har ikki chekkasidagi kishilar qoʻl qovushtirib turishibdi. Toʻrtinchi yarus personajlarining aksariyati tiz choʻkkan holda turishibdi. Yarus markazida mehrob tasvirlangan, uning pastga tushirilgan qoʻlida kandaydir buyum, balki hanjarning dastasi boʻlsa kerak. Mehrobning oʻng tomonida turgan kishi boshqalardan farqli oʻlarok, tugʻriga qarab bir tizzada engashgan, qoʻllari tizzaga kadalgan xolda tasvirlangan. Bir qoʻlining ustida kandaydir lenta yoki bezaklarning kalta parchalari. Boshqa personajlar aksariyatining qoʻlida, chamasi, qimmatbaho metalldan ishlangan idishlar (koʻzalar, ikki dastali qadah), qolgan ikki kishining qoʻlida gulchambar hamda telpak yoki lentali toj. U saxna kompozitsiyada alohida ahamiyat kasb etadi. Ehtimol, butun kompozitsiya shunchaki barcha ishtirokchilarga rohat-farogʻat bagʻishlash va oʻz ximoyasiga olishga qaratilgan buyum maʼbudani shunchaki sharaflash emas, balki mehrobdan oʻngdagi personajni tanlashni ham ifoda etadi.

Yogʻoch arkaning saqlanib qolgan qismida ham maʼbudaga sigʻinish aks ettirilgan boʻlib, u ikki sherdan iborat taxtda oʻtiribdi (sherlarning yollari halqachalarda tasvirlangan) maʼbuda toʻrt qoʻllidir.Pannoda boʻlganidek bunda xam buyuk maʼbuda Nana (zardushtiy Ardvisura Anaxita) tasvirlangan. Samarqand Sugʻdining ayrim mulkliklari oʻz tangalariga «Pancha-Nana-Xonim» yozuvini tushirishgan. Bu xol Sugʻdda ushbu maʼbudaga izzat-xurmat bildirilganidan darak beradi. U ikki yuqori koʻllarida Oy va Kuyoshni tutib turibdi, uning pastki oʻng qoʻlida aso, chap qoʻli tizzada. Uning gavda holati xotirjam va maxobatli. Nana yoki Nanay ismi kelib chikishi Eroniy boʻlmagan maʼbudaga tegishli. Tadqiqotchilarning fikricha, uning obrazi Markaziy Osiyo va Eronda zardushtiy panteoni ilohi Anaxita obrazi bilan koʻshilgan. Kushon tangalariga Nana qoʻlida aso va qadax tutib turgan yoxud yotgan sher ustida oʻtirgan qiz tarzida tushirilgan. Tasvirda «Nano» yozuvi bor. Uning tasviri devoriy naqshlarda, terrakotalarda uchraydi. Masalan, Britaniya moʻzeyidagi Markaziy Osiyo kosasida yoki Xorazm kumush kosasida u taxtda yoki sher ustida oʻtirgan xolda tasvirlangan. U qoʻlida Quyosh va Oyni tutib turbdi.
Garchi Kofirqalʼa karorgoxining xalokati VIII asr boshlariga mansub deyilsada, ammo panno va arkadagi tasvirlarV-VI asrlarga tegishlidir.
Kofirqalʼada olib borilgan tadqiqotlarning koʻrsatishicha bu yerda Samarqand xukumdorlarining shahar chekkasidagi qarorgohi- Rivdod shahri boʻlgan. Bu shahar xaqida Samarqandga tashrif buyurgan arab sayyohi ibn Xavqal yozib qoldirgan. Yaqin-yaqinlargacha arxeologlarimiz Rivdod shahrining qoldiqlarini topishga harakat qilgan edilar. Ammo bu izlanishlar kutilgan natijalarni bermadi. Faqatgina 2015-2017 yillarida olib borilgan qazishmalardan soʻng Rivdod shahrining qoldiqlarini topish bizga nasib qildi. Kofirqalʼani oʻta mustahkam mudoofa devorlari bilan oʻralganligi, bir necha yuzlab noyob tangalar topilganligi va eng muhimi bu yerdan 1000 dan oshiq bullalarning qoʻlga kiritilishi yodgorlikni shak-shubhasiz Rivdod shahri ekanligini isbotlaydi. Yuqorida aytganimizdek, 2017 yilning kuzida bu yerdan sirtiga maʼbuda va unga sigʻinayotgan personajlarning topilishi juda muhim boʻldi. Biz shu paytgacha Zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da tilga olingan diniy maʼrosimlar toʻgʻrisida koʻp oʻqiganmiz, ammo bu marosimlarning biror bir tasviri shu paytgacha topilmagan edi.
Yana bir narsani takidlash lozimki, Yaponiyaning Nara shahridagi ibodatxonada Yapon imperatorlariga xorijlik elchilar tomonidan inom qilingan oʻta noyob sovgʻa-salom saqlanadi. Bu sovgʻa-salomlar ichida ikkita musiqa asbobi ham bor. Ammo shu paytgacha Yapon olimlari bu musiqa asboblarini qaysi mamlakatdan keltirilganligi xaqida aniq maʼlumotga ega emaslar. Kofirqalʼadan topilgan pannoda esa aynan shu musiqa asboblarining tasvirlarini koʻrgan Yapon olimlari Narada saqlanayotgan ikki musiqa asboblarini aynan Samarqanddan keltirilganligini tan oldilar. Bu xolat Samarqand va Nara shaharlari oʻrtasida qadimiy elchilik munosabatlariga yaqqol dalildir.Xulosa qilib aytishimiz lozimki, Kofirqalʼa shaharchasi yurtimizda saqlangan eng noyob arxeologik yodgorliklardan biridir. Bu yodgorlikning oʻrganilishi ilk oʻrta asrlardagi sugʻd shaharsozligi va memorchiligini, sugʻd xukumdorlarining turmush tarzlarini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Bu yerdan topilgan mingdan oshiq bullalar oʻzbek davlatchiligining V-VIII asrlardagi elchilik munosabatlarini oʻrganishda beqiyosdir. Shuningdek, sirtiga maʼbudava unga sigʻinayotgan personajlarning tasvirlarni topilishi ajdodlarimizning diniy dunyo qarashlari, anʼana va urf odatlarini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Kofirqalʼada Oʻzbek va Yapon olimlarining ilmiy hamkorligi yanada davom etadi. Bizni hali yangi-yangi kashfiyotlar kutib turganligiga shubhamiz yoʻq.
Amriddin Berdimurodov
Oʻzbekiston fanlar akademiyasi:
Ya.Gʻulomovnomli arxeologik
tadqiqotlar instituti direktori