Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018 yil 29 dekabr №1059 qaroridagi Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya ob’ektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish chora tadbirlarini bajarish maqsadida Andijon viloyati Marxamat tumanidagi Mingtepa arxeologik yodgorligida OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi xodimlari arxeologik tadqiqot ishlarni olib bormoqdalar.
Yodgorlik hozirgi Marhamat shahrining sharqiy chegarasiga tutashib ketgan. Mahalliy aholi tepaliklar koʻp boʻlgani uchun uni Mingtepa deb ataydi. Bu shahar xarobasi Fargʻona vodiysining antik davri yodgorliklari ichida eng yirigidir. Shahar uch qismdan iborat: ark, ichki va tashqi shahar. Ichki shahar maydoni 41 gektar, yodgorlik tashqi shahar bilan qoʻshib xisoblaganda 270 gektardan ziyod.
Ma’lumki, Xitoy yilnomalari qadimgi Fargʻona podsholigi Davanda 70 dan ortiq katta va kichik shaharlar boʻlgan deb xabar beradilar. Manbalarda ulardan uchtasining nomlanishi aytib oʻtiladi: Ershi, Yuchen va Guyshan. Mingtepa shahar xarobasini dastlab A.N. Bernshtam podsholik poytaxti Ershi boʻlishi kerak deb fikr bildirgan. Xitoy manbasiga asosan, Ershi – Mingtepa birinchidan, vodiy sharqiy tomonida joylashgan; ikkinchidan, Mingtepada xitoylar bostirib kirgan paytdagi (mil. avv. II asr) qalin madaniy qatlamlar va ular qamal qilgan devorga juda oʻxshaydigan mudofaa inshootlari (ichki va tashqi devorlar) mavjud; uchinchidan, antik davrning Mingtepachalik ulugʻvor va katta yodgorlik vodiyda hozircha topilgani yoʻq.
Mingtepa bizni fikrimizcha “katta shahar” (Xitoychada “dao chen”) tipidagi shaharlar qatoriga kiradi. Xitoy manbalari xabaricha Davanda ikki qator himoyalangan shaharlar boʻlgan. Hozirda olib borilgan arxeologik natijalar Mingtepani ana shunday shaharlar qatoriga kiritishga asos boʻladi. Ta’kid joiki, birorta Xitoy manbasida boshqa birorta davlatni poytaxti degan termin uchramaydi. Xitoyliklar Ginshi termini bilan oʻz davlatlari poytaxtlarinigina tushinganlar. Boshqa davlatlar poytaxtlarini du ya’ni rezidensiya deb ataydilar.
Shahar rejasi samodan qaraganda parallelogramm koʻrinishga ega, kishini ikki qator mahobatli mudofaa inshootlari va ulardagi burjlar hayratga soladi. Oʻtgan asrning 50-yillarda olingan rejasida ark, ichki va tashqi shahar aniq koʻrinadi, keyincha ularni koʻplari buzib yuborilgan. Ichki shaharga kirish uch yoki toʻrt tomondagi darvozalardan boʻlgan, asosiy darvoza esa gʻarbiy mudofaa devorining oʻrta, ya’ni 10-11 burjlar orasidagi qismida joylashgan.
2021 yilgi ilmiy qidiruv ishlari yodgorlikning gʻarbiy darvozasi, deb taxmin qilingan qismida, mudofaa devori va kuzatuv minoralari oʻlchamlariga aniqlik kiritish va ularni kelgusida ustini yomgʻir va qordan asrash uchun yopib muzeyga aylantirish maqsadida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, yodgorlik tashqi shahar qismida, ya’ni gʻarbiy devor tashqarisidagi tashqi devorning ichki qismlarida kuzatuv shurflari qazilmoqda. Asosiy maqsad koʻhna shaharning stratigrafiyasi, mudofaa tizimi, xunarmandchiligi, san’ati toʻgʻrisida yangi ma’lumotlar qoʻlga kiritishdan iborat. Tadqiqotlar sanitar-gigenik qoidalarga rioya qilgan xolda davom etmoqda...
Oʻz RFA Milliy arxeologiya markazi
katta ilmiy xodimi, PhD, Xoshimov X.B.