Ohangarondan somoniylar hamda qoraxoniylar davriga oid noyob topilmalar topilmoqda!

Akademik Ahmadali Asqarov ilmiy rahbarligidagi bir guruh arxeolog olimlar (B. Isabekov, B. Jo’raqulov, U. Ismoilov)tomonidan Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida, Olmaliq shahridan 12 km shimoli-sharqda joylashgan Tunkat yodgorligida joriy yilning yoz oylaridan buyon qazishma ishlari olib borilmoqda. 
Arxeologik qazuv ishlari Tunkat yodgorligining shimoliy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlandi. Dastlab qazishma ishlari 12X12 o’lchamdagi maydonda amalga oshirildi. Keyinchalik, ochilgan inshoot o’rni devorlarga mos ravishda kengaytirib borildi. 
Tadqiqotlar davomida o‘rta asrlarga oid 10 dan ortiq xonalar, 200 dan ziyod sirlangan va sirlanmagan sopol bo’laklari, 20 ga yaqin tangalar, 10 ga yaqin chiroqlar, ko’plab shisha idish parchalari, metal buyumlar va eritilgan metal shlak (toshqol) qoldiqlari topildi. Bunday idishlar va boshqa moddiy ashyolar olimlar tomonidan IX-XI asrlar bilan davrlashtirilgan. Bu davrda Tunkat hududlari somoniylar va qoraxoniylar sulolasi tomonidan boshqarilgan. 
Tangalar orasida VII-VIII asrlarga oid Choch tangalaridan tortib XI asr boshlaridagi qoraxoniylar sulolasining hukmronlik davriga oidlarini ham uchratish mumkin. Choch tangalarining ayrimlarida hukmdor bilan yonma yon malika 
(xvatun, xotun) ning ham qiyofasini uchratish mumkin. Tangalar VII-VIII asrlarda yashagan ajdodlarimizning antropologik qiyofasini tasavvur qilishimiz bilan birgalikda, ma’muriy sohada ayol kishining mavqeyi sezilarli darajada bo’lganligini ko’rsatadi. Bu esa yurtimizda azaldan ayollar va erkaklar teng huquqli bo’lganligini anglashimizga yordam beradi. Qolgan tangalar orasida somoniylar vakillaridan Yahyo ibn Ahmad, Nasr ibn Ahmad, qoraxoniylardan Nasr ibn Ali va boshqa hukmdorlarning nomi aks etgan tangalarni topish mumkin. 
Qazishma davomida ko’plab xonalardan majmuaviy qilib qurilgan inshootga asosiy kirish eshigi sharqiy tomonda ekanligi aniqlandi. Eshikdan zinalar orqali yo’lakga o’tilib, xonalarga kirilgan. Bino qurilishida asosan xom g’isht va paxsadan keng foydalanilgan. Ahyon ahyonda u yoki bu maqsadda foydalanilgan somoniylar davrining pishtgan g’ishtlarini ham kuzatish mumkin. Xonalarning ko’pchiligida to’rt tomon devorining g’ishtlari to’rt xil uslubda terilgan. Masalan, nisbatan yirik hisoblangan markaziy xonaning g’arbiy devorining g’ishtlari gorizantal holatda bir qator o’ng tomonga qayriltirib, uning ustidagi yana bir qator g’isht esa chap tomonga qiyalangan holatda terib chiqilgan. Bunda g’ishtlar xonaga o’ziga xos bezak berganligini ko’rishimiz mumkin. Bunday qurilish uslubi boshqa xonalarda ham kuzatiladi va qadim tunkatliklar uchun an'ana shaklida bo’lganligini anglatadi. 
Hozirgi vaqtda Tunkatda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda. 



×